Bugun mashina bilan bog'liq muammolar ko'pchilikni sarosimaga solib qo'ydi. O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga ham ushbu holat bilan bog'liq ko'plab murojaatlar kelib tushmoqda. Mana shunday murojaatlardan biri Buxoro viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro A.Q tomonidan kelgan bo'lib, unga ko'ra, “UzAvto” AJ bonus joriy etgan va fuqaro A.Q bonusli aksiyada ishtirok etish maqsadida 95.768.000 so'm to'lovni amalga oshirib, "COBALT" avtomashinasi xarid qilgan hamda bonusga ega bo'lgan. Aksiya shartiga muvofiq, fuqaroga bonus sifatida 6.200.000 so'm qaytarib berilishi kerak edi. Ammo... "bonus" anchayin kechikkan. Jamiyat xodimlari xolatni o'rganishi natijasida "ancha kuttirgan" bonus — 6.200.000 so'm iste'molchiga qaytarildi!

Yana shunday murojaatlardan biri Qashqadaryo viloyatida yashovchi Z.ernazarov tomonidan kelgan. Unda iste'molchi “Uz  Avto Motors”ning Qarshi shahridagi dileri “Avto-Centre-Qashqadaryo” MCHJdan shu yilning 29 oktyabrida  87 million 320 ming so'm to'lab  “NEXIA-3”  rusumli avtomashina sotib olgan. Biroq oradan ikki kun o'tgach, mashinaning tablosida sariq chiroq yonib qolganligi sababli bu haqda avtosalon xodimlariga ma'lum qilib, servis xizmatiga olib borganida ustalar transport vositasining zarur ehtiyot qismlaridan biri, ya'ni katalizatori echib olinganligi ma'lum bo'lgan. O'rganish natijalariga ko'ra, fuqaro Z.ernazarovga tegishli avtomashinadan yashirin tarzda echib olingan jami 1 million 300 ming so'mlik ehtiyot qismlari bepul o'rnatib berilishi ta'minlandi.

O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati