Yana bir kontrafakt mahsulot aniqlandi

    Mahsulotini ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash va sotganlik holati aniqlanib, huquqbuzarga bayonnoma rasmiylashtirildi.

    Intellektual mulk agentligi tomonidan o'zgalar tovar belgisidan ruxsatsiz foydalanib, ham xaridorga, ham asl mahsulot egasiga zarar keltirayotganlarga doimiy tarzda choralar ko'rib kelinmoqda.

    Sir emaski, xaridor sifatida ko'chaga chiqishingiz bilan rastalar turli mahsulot bilan to'la ekanligini ko'rasiz. Taklif juda yuqori, ammo... Sifatli va cho'ntakbop mahsulot topishda adashish hech gap emas.

    Bozorda xilma-xil shirinliklar qadog'i iste'molchini o'ziga jalb qiladi. Biroq ko'rinish bilan uning ichi bir-xilmi? Uni xarid qilib aldanib qolmaysizmi?

    Shunday holatlardan biri “Mars Incorporated”ga tegishli “M&M’s” (AQSH) savdo belgisi bilan yuz berdi. Intellektual mulk himoyasi markazi xodimlari tomonidan tovar belgisiga o'xshash bo'lgan “M M” belgili shokolad mahsulotini ruxsat berilmagan tarzda tayyorlash va sotganlik holati aniqlanib, huquqbuzarga bayonnoma rasmiylashtirildi va tuman Jinoiy sudi tomonidan jarima belgilandi. Sud davomida huquqbuzar o'z aybiga pushaymon bo'lib, hozirda bunday nom bilan shirinlik chiqarishni to'xtatganligini ma'lum qildi.

    Albatta oson daromad topishni hamma xohlaydi. Biroq bu o'zgalar huquqini poymol qilish orqali amalga oshirilmasligi lozim. Sababi hamma kontrafakt mahsulot ishlab chiqaradigan bo'lsa, asl kompaniya kasodga uchraydi, natijada bozor kontrafakt mahsulotga to'lib ketadi.

    Shunday ekan, hurmatli tadbirkorlar o'z tovar belgingizni yarating va iste'molchilarga sifatli mahsulot taklif qilib, ularning ishonchini qozoning.

    Hurmatli iste'molchilar! Mahsulot xarid qilganda uning nomi to'g'riligiga ishonch hosil qiling, ishlab chiqaruvchi haqidagi ma'lumotlarni tekshirib oling. Agar kontrafakt mahsulotga duch kelsangiz @ima_monitoring_bot telegram kanaliga murojaat qiling.

    Intellektual mulk agentligi axborot xizmati