Yana bir yangi xizmat: IELTS sertifikati olganlarning puli qaytarib beriladi

    Ta'lim 9 May 2021 17006

    Endi Davlat xizmatlari markazlarida yana bir yangi xizmat —imtihon xarajatlarini qaytarib berish xizmati ko‘rsatiladi.

    Nafaqat IELTS, balki TOEFL, GMAT, GRE va SAT kabi xalqaro imtihon topshirish xarajatlari 2021-yil 1-maydan boshlab to‘liq qoplab beriladi.

    Xo‘sh, buning uchun qaerga murojaat qilish kerak?

    Albatta, Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilinadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) ro‘yxatdan o‘tib, xizmatdan foydalanish mumkin.

    So‘rovnomaga imtihon topshirish xarajati to‘langanini tasdiqlovchi to‘lov kvitansiyasi hamda maxsus sertifikat (pdf formatda) ilova qilinadi.

    Ariza beruvchidan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma’lumot va hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi. Taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning xaqqoniyligiga ariza beruvchi mas’ul hisoblanadi.

    Quyidagi shartlar to‘liq bajarilganda ariza beruvchiga kompensatsiya to‘lab beriladi:

    - Imtihonda to‘planishi lozim bo‘lgan yuqori ballning (daraja) minimal ko‘rsatkichi yoki undan yuqori natija qayd etganda. Misol uchun, IELTS sertifikati uchun 7 va undan yuqori ball to‘planganda;

    - Maxsus sertifikat berilgan sanadan boshlab 180 kalendar kun o‘tmasdan kompensatsiya to‘lashni so‘rab murojaat qilganda.

    - Maxsus sertifikatda ko‘rsatilgan imtihon natijasining haqiqiyligi va to‘g‘riligi Inspeksiya tomonidan tasdiqlanganda.

    Qancha muddatda tasdiqlanganidan qat’i nazar maxsus sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanganda maxsus sertifikat egasi bo‘lgan ariza beruvchilarning elektron reestrini shakllantiradi. Ushbu elektron reestrga muvofiq kompensatsiya mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat «Xalq banki»ning hisobvarag‘iga moliyalashtiradi va xizmat natijasi bo‘yicha ariza beruvchiga 15 kalendar kunda SMS xabarnoma yuboriladi.

    Fazliddin Pardaboev,

    Davlat xizmatlari agentligi

    Sirdaryo viloyat boshqarmasi mas'ul xodimi.