Yana ikki sportchimiz Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi

    Sport 18 Aprel 2021 1144

    Xabar berganimizdek, shu yil 12-17-aprel kunlari poytaxtimiz Toshkentda suzish boʻyicha Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA)ning yillik taqvimiga kiritilgan Oʻzbekiston Ochiq chempionati boʻlib oʻtdi.

    Ushbu chempionatda mamlakatimiz terma jamoasi aʼzolaridan tashqari Hindiston, Afgʻoniston va Turkmaniston davlatlaridan ham sportchilar ishtirok etishdi.

    Ahamiyatlisi, ushbu musobaqa bir vaqtning oʻzida Tokio (Yaponiya) shahrida boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmalar taqdim etadi. Shu bois musobaqaga qiziqish yuqori boʻldi.

    Ochiq chempionatning ilk kunida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Aleksey Tarasenko 100 metrga erkin usulda 1-oʻrinni egalladi.

    Hamyurtimiz 48,54 soniya natija bilan Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan boʻlsa, chempionatning soʻnggi kunida yana ikki nafar sportchimiz — Odilbek Yusupboyev va Eldor Usmonov 100 metrga batterflyay usulida suzish bahslarida muvaffaqiyatli qatnashib, Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmalariga ega chiqishdi.

    Shu tariqa oʻzbekistonlik sportchilar tomonidan suzish boʻyicha Olimpiya oʻyinlariga jami 5ta litsenziya qoʻlga kiritildi.

    Eslatib oʻtamiz, dastlabki 2ta litsenziya 2020-yilda terma jamoa aʼzolari Xurshidjon Tursunov hamda Vladislav Mustafinlar tomonidan qoʻlga kiritilgan edi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun, 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida boʻlib oʻtgan XXXI yozgi Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sharafini ikki nafar suzuvchi — Raʼnoxon Amanova hamda Vladislav Mustafinlar himoya qilishgan edi.