Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti yer yuzida vabo kasalligining tarqalish xavfi juda yuqori ekani haqida hisobot bergan. “2023-yil 11-fevraldan global vaziyat yomonlashmoqda. Epidemiya qayd etilgan mamlakatlar soni yana 4 taga koʻpayib, jami 24 taga yetdi”, deyiladi JSST hisobotida.
Vabodan jabr koʻrgan davlatlarning aksariyati Afrika va Yaqin Sharq mintaqasida joylashgan. Mutaxassislar mart oyida kuzatiladigan “Freddi” tropik sikloni tufayli endi Malavi va Mozambikda vaziyat yomonlashishi mumkinligidan xavotirda.
Oʻz navbatida, xalqaro ekspertlar vaboga chalinganlar oʻrtasida oʻlim darajasi sezilarli darajada ortganini maʼlum qildi, deya xabar bermoqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.