Yana uchta film Belarusda suratga olinadi

    Madaniyat 19 Yanvar 2021 1292

    Kecha, 18-yanvar kuni “Oʻzbekkino” MAda “Belarusfilm” Milliy kinostudiyasi bilan navbatdagi kinoloyihalarga bagʻishlangan hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi.

    Onlayn tarzda tashkil etilgan uchrashuvda Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, “Belarusfilm” Milliy kinostudiyasi Bosh direktori Vladimir Karachevskiy, direktor oʻrinbosari Snejana Golovchis, Oʻzbekiston Respublikasining Belorussiyadagi elchixonasi maslahatchisi Doniyor Abidov, Madaniyat vazirligining kinematografiya boʻlimi boshligʻi Bezuglыy Aleksey, “Kinopost” rahbari Yevgeniy Levandovskiy va boshqalar ishtirok etishdi.

    Mazkur uchrashuvda hamkorlikda suratga olinishi rejalashtirilayotgan yangi filmlar Akbar Bekturdiyevning “Uzbechka”, Jahongir Ahmedovning “Boʻysunmas” (“Jizzax qoʻzgʻoloni”) hamda Muhammadali Iskandarovning “Mamadali Topvoldiyev” filmlarining Belarus davlatida tasvirga olish ishlari haqida soʻz yuritildi. Muhammadali Iskandarovning Ikkinchi jahon urushi qahramoni Mamadali Topvoldiyev haqidagi filmi ikki davlat oʻrtasidagi ko-produksiya boʻlishi rejalashtirilgan, keyinchalik film bilan bogʻliq shartnoma va memorandumlar imzolanadi. Unda loyihaning moliyaviy xarajatlari, tasvirga olish obyektlari va boshqa raqamlar koʻrsatilishi maʼlum qilindi.

    Maʼlumot uchun, 2020-yil Belarusda “Ilhaq” (rej. Jahongir Ahmedov), “Meros” (rej. Hilol Nasimov), “Muhabbat bahori” (rej. Ibrohim Rasulov) filmlarining tasvirga olish ishlari boʻlib oʻtgan edi. 2021-yilda ham yuqorida nomlari sanalgan yangi kinoloyihalar boʻyicha Belarusda syomka jarayonlari boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.

    Uchrashuv davomida Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov “Belarusfilm” Milliy kinostudiyasi Bosh direktori Vladimir Karachevskiyni kutilayotgan Toshkent xalqaro kinofestivaliga taklif qildi. Samimiy ruhda oʻtgan onlayn muloqot soʻngida oʻzaro hamkorlik masalalarini yana-da kengaytirish boʻyicha taklif va fikrlar bildirildi.

    “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati