“Yandeks Taksi” kompaniyasining MDH davlatlari boʻyicha rahbariyati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 20 Aprel 2022 868

    19-aprelda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov “Yandeks Taksi”ning MDH davlatlari boʻyicha boshqaruv direktori Kiril Svinsov bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Unda bir nechta muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, AKT vaziri tomonidan “Yandeks Taksi”ni IT Park rezidentiga aylantirish boʻyicha takliflar berildi.

    Shuningdek, “Yandeks Taksi” bugungi kunda Oʻzbekiston bozoriga shiddat bilan kirib kelayotgani, aholi vakillari uchun qulayliklar taqdim etayotgani taʼkidlandi.

    Shu bilan birga, kompaniya Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini kengaytirib, uni viloyatlar markazlarida ham keng joriy etayotgani quvonarli ekani aytib oʻtildi.

    Tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ishlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.