“YandexGo UB” tomonidan “Uzum Market”ga nisbatan insofsiz raqobat holati aniqlandi

    “Uzum Market” MCHJ XKga nisbatan insofsiz raqobat holatlarini sodir etgan “YandexGo UB” MCHJga tegishli choralar koʻrildi.

    Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.

    Qoʻmitaning maʼlum qilishicha, “Uzum Market” MCHJ XKdan kelib tushgan murojaat asosida maxsus komissiya ish qoʻzgʻatgan.

    Murojaatda “YandexGo UB” MCHJ tomonidan televizion va ijtimoiy tarmoqlarda efirga uzatilgan “Yandex Market” reklamasi orqali raqobat qonunchiligi buzilgani, isteʼmolchilarni chalgʻitish holati kuzatilgani va “Uzum Market” brendining ishchanlik obroʻsiga putur yetkazilgani qayd etilgan.

    Komissiya tomonidan oʻrganilgan videorolikda quyidagi holatlar qayd etildi:

    • Reklamadgi aktrisaning binafsha rangli koʻylak kiygani va rolikning avvalgi kadrlari “Uzum Market”ning avvalgi videolariga vizual va konseptual jihatdan oʻxshashligi;
    • Reklamadagi bosh qahramonning “a, bu marketmi?!” degan savoli va unga nisbatan ishtirokchilarning salbiy munosabati;
    • “Ajoyib market” degan iboradan keyin “a, bu marketmi?!” degan savol orqali “Uzum Market” haqida fikr yuritilayotgani haqidagi taassurot;
    • Keyingi kadrlarda “yoʻq, bu boshqa market” degan javob orqali “Yandex Market” ustunligi haqida bilvosita tasavvur berilgani.

    Ushbu holatlar asosida “YandexGo UB” MCHJ “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasiga muvofiq notoʻgʻri taqqoslash orqali raqobatchi subyektga nisbatan qonunbuzarlikka yoʻl qoʻygan deb topildi.

    Shu bilan birga, “Uzum Market” tomonidan raqobatni cheklash orqali isteʼmolchilarga yetkazilgan moddiy zarar yuzasidan aniq dalillar taqdim etilmagani sababli, mazkur holat iqtisodiy jihatdan past taʼsirli deb baholandi. Moliyaviy sanksiyalarni qoʻllash masalasi sud tartibida koʻrib chiqilishi mumkinligi qayd etildi.

    Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “YandexGo UB” MCHJga quyidagi koʻrsatmalar berildi:

    • “Yandex Market” reklamasini ommaviy axborot vositalaridan olib tashlash orqali qonunbuzilish holatini bir oy muddatda bartaraf etish;
    • Reklama materiallari olib tashlangani haqidagi hujjatlarni 2025-yil 14-avgustga qadar Qoʻmitaga taqdim etish.

    Maʼlumot uchun: Mazkur qarordan norozi tomon Qoʻmitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.