Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun munosabati bilan joriy yilning 19-noyabr kuni oʻtkaziladigan ushbu  tadbirlarga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda. Oʻzbekiston Yengil atletika federatsiyasining taklifi bilan uch yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan “Yangi Nafas" sport harakati  boshqaruvida  davlat bayrogʻi qabul qilingan muhim sanani sogʻlom turmush tarzi tarafdorlari bilan birgalikda  nishonlash koʻzda tutilgan.

Matbuot anjumanida   musobaqa tashkilotchilarining  tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad va unga koʻrilayotgan tayyorgarliklar xususida qisqacha axborotlari tinglandi. Mazkur  sport tadbirida  mamlakatimizning 16 ta shahrining har biridan kamida oʻn mingdan ziyod ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan  tadbir ishtirokchilari va ularning yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgani taʼkidlab oʻtildi.