Yangi Andijon massivini Andijon shahri va boshqa hududlar bilan bogʻlash uchun halqa yoʻli qurish zarurligi qayd etildi

    Siyosat 16 Aprel 2025 538

    Bu yil ushbu yoʻlning 5 kilometrini bitkazish hisobiga Andijon shahriga kelish ancha qisqaradi.

    Yigʻilishda qurilish va infratuzilma masalalari muhokama qilinar ekan, Xonobod-Andijon magistral suv quvurining 1-tarmogʻidan suv oqimi kamligi sababli 6 ta tumandagi 510 ming aholiga suv yetkazib berishda muammolar borligi koʻrsatib oʻtildi.

    Shu bois, ushbu quvurning 2-tarmogʻini qurish zarurligi taʼkidlandi va mutasaddilarga tegishli ishlarni tezroq boshlash topshirildi. Andijon suv taʼminoti korxonasi hududida 18 megavattli quyosh panellari va 98 ta energiya tejamkor nasoslar oʻrnatiladi.

    “Xonobod” chegara oʻtkazish punkti tiklangani hisobiga, “Bishkek – Dushanbe – Termiz” xalqaro yoʻlidagi transport oqimi 2-3 karra koʻpaydi. Lekin Xonoboddan oʻtuvchi Qoradaryo ustidagi 150 metrli koʻprik nosozligi uchun mashinalar uning bir qismidan harakatlanmoqda, tirbandliklar hosil boʻlayapti.

    Mutasaddilarga bir oyda ushbu koʻprikni rekonstruksiya qilish dasturini tasdiqlash va 25 milliard soʻm ajratish topshirildi. Mazkur koʻprik kelgusi yilda toʻliq ishga tushishi shartligi qayd etildi.

    Yangi Andijon massivini Andijon shahri va boshqa hududlar bilan bogʻlash uchun 56 kilometrlik halqa yoʻli qurish zarurligi qayd etildi. Bu yil ushbu yoʻlning 5 kilometrini bitkazish hisobiga Andijon shahriga kelish ancha qisqaradi. Bu yoʻlda 200 ta savdo va servis obyekti barpo etilib, 1 ming nafar aholi ishli boʻladi.