баннер
22 Apr 2025
15:06

    Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berildi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Andijon shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida oʻtayotgan xalq saylida soʻzga chiqdi.

    Davlatimiz rahbari oʻz nutqida betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan millatimiz, xalqimizni butun dunyoga tarannum etgan buyuk ajdodimiz – Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berishni taklif qildi.

    "Ishonchim komil, bu tashabbus har tomonlama xalqimizning koʻnglidagi ish boʻladi. Nega deganda, hazrati Bobur – jahon tarixida kamdan-kam uchraydigan shunday benazir, ulugʻ zotki, uning sharafiga nafaqat koʻcha va maydonlar, bogʻu rogʻlar, balki alohida shahar bunyod etsak, albatta arziydi.
    Nega deganda, Bobur Mirzo – Temuriylar Renessansining munosib davomchisi, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va adabiyot, isteʼdod homiysi boʻlgan buyuk shaxsdir.
    Uning yoshlik paytlaridan yurtda tinchlik va adolat oʻrnatish uchun olib borgan kurashlari, bu yoʻlda koʻrsatgan mardlik va jasorati fidoyilik va vatanparvarlik maktabidir.
    Hech shubhasiz, qomusiy bilim va tafakkur egasi boʻlgan bu mumtoz ajdodimizning birgina “Boburnoma” asari uchun ham uning sharafiga mana shunday goʻzal shaharchani bunyod etsak arziydi", — dedi Prezident.

    Ushbu tashabbus yurtdoshlarimiz tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech