«Yangi Andijon» shahridagi binolar Yaponiyaning ko‘p qavatli zilzilabardosh uylari asosida quriladi

    Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida joriy yil 23-27 noyabr kunlari Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov boshchiligida delegatsiyaning Yaponiyaga amaliy safari amalga oshirildi.

    Safar davomida delegatsiya aʼzolari Yaponiya Yer resurslari, infratuzilma, transport va turizm vazirligi, «Shimidzu Qurilish korporatsiyasi», «AOIKAY MEDIKAL KORPOREYSHN» shifoxonasi, Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishgani barobarida Suginami shahridagi o‘rta maktab faoliyatini ham o‘rganishdi.

    Yaponiya Yer resurslari, infratuzilma, transport va turizm vazirining o‘rinbosari Amano Yusuke bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Andijon viloyati va Yaponiya o‘rtasida qurilish sohasida ikki tomonlama aloqalarni o‘rnatish, to‘rt ming gektarda barpo etilayotgan «Yangi Andijon» shahridagi binolarni Yaponiyaning ko‘p qavatli zilzilabardosh uylari asosida loyihalashtirish va qurish masalalari muhokama qilindi.

    Muloqot yakunlari bo‘yicha tomonlar «Yangi Andijon» shahri loyihaoldi hujjatlarini yapon tarafi bilan onlayn tarzda muhokamalarini tashkil etish va bu jarayonga yapon mutaxassislarini jalb etishga kelishib olindi.

    «Shimidzu Qurilish korporatsisi»ning global strategik rivojlanish boshqarmasi direktori o‘rinbosari Takuyey Ito bilan o‘tkazilgan muzokaralarda «Yangi Andijon» shahrini bunyod etishda kompaniyaning tajribasini qo‘llash va korporatsiya mutaxassislarini Andijon viloyatiga yuborish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

    O‘zbekiston vakillari, shuningdek, «Shimidzu Qurilish korporatsisi»ning Texnologik markazi faoliyati bilan ham tanishdilar. Safar davomida Tokio qishloq ho‘jaligi va texnologiyalar universitetida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Andijon davlat universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator muhim takliflarni bildirdi. O‘z navbatida, yapon tomonidan O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari bilan barcha jabhalarda aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorlik maʼlum qilindi.

    Andijon viloyati delegatsiyasi «AOIKAY MEDIKAL KORPOREYSHN» kompaniyasi shifoxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Ushbu korporatsiya bilan «Yangi Andijon» shahrida tibbiyot va o‘quv markazlarini tashkil etish, Andijon viloyatida hamshiralar tayyorlash, ularni Yaponiyaga malaka oshirishga yuborish kabi masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

    Safar davomida hokim Shuhrat Abdurahmonov mamlakatimiz elchixonasida Yaponiyada ishlayotgan Andijon viloyatidan kelgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Vatandoshlarning Andijon viloyatida yapon hamkorlar bilan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarining amalga oshirilishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilishi maʼlum qilindi.