Yangi avlod darsliklari 14 ta maktab, 139 ta sinfda tajriba-sinovdan oʻtkaziladi

    Ta'lim 2 Noyabr 2022 2429

    Avval xabar berganimizdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov raisligida xalq taʼlimi tizimidagi mavjud muammolarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda darsliklar mavzusi ham muhokama qilindi.

    Administratsiya rahbari oʻrinbosari, ayni paytda darsliklarni takomillashtirish ishchi guruhi rahbari Komil Allamjonovning yigʻilishda maʼlum qilishicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 ta maktab, 139 ta sinfda 1-4 sinflar uchun darsliklar tajriba-sinovdan oʻtkaziladi. Jarayonda 4146 nafar oʻquvchi ishtirok etadi.

    Aniq va tabiiy fanlar darsliklari, oʻquv dasturlari yuzasidan finlyandiyalik mutaxassislar xulosalari olinmoqda va ularni chop etish boʻyicha Otava hamda Sanora nashriyotlari bilan onlayn muhokamalar tashkil etildi.

    Sardor Umurzakov bu jarayonda hokimlar faol ishtirok etishi, biroq xalal bermasligi kerakligini taʼkidladi.

    “Bu jarayon haqida hokimlardan soʻrasangiz, ular bundan bexabar boʻlib chiqadi. Lekin ular bu maktablarga yordam berishi, otaligʻiga olishi kerak. Otaliqqa olish deganda “ura-ura” qilib emas, jarayonga xalaqit bermagan holda koʻmak berishlari lozim”, — dedi Administratsiya rahbari.