Yangi avlod darsliklarini tezkor ravishda maktablargacha yetkazilishi nazoratga olindi

    Xabaringiz bor, bu yil 4 ta sinfda darsliklar yangilanib, qariyib 60 million nusxa darsliklar tayyorlanmoqda.

    Aytish joizki, yaqin yillarda qisqa muddatda bunday katta hajmda darsliklar yaratilmagan. Albatta darsliklarni tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish va nashr etish juda katta jarayon bo‘lib, mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Shu bilan birga, nashr etilgan darsliklarni o‘z vaqtida maktablarga yetkazish ham alohida nazoratni talab etadi.

    Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov hududlarda ta’lim muassasalari muammolarini o‘rganish barobarida Qashqadaryo va Samarqand viloyatida Ta’lim-ta’minot va logistika Davlat unitar korxonasining hududiy filiallarida bo‘ldi. Unda darsliklarni qabul qilish, saqlash va maktablarga tarqatish jarayonlarini o‘rgandi hamda mutasaddilarga hududiy filial (baza)ga yetkazilgan darsliklarni tezkor tarzda taqsimot asosida maktablarga yetkazish, buning uchun qo‘shimcha resurs va texnikalarni (tashish uchun yuk mashinalari) jalb etish topshirig‘ini berdi.

    Mazkur masala nazoratga olinishi natijasida bir kunda Qashqadaryoda 350 mingdan ortiq, Samarqandda 400 mingdan ortiq darslik maktablarga tarqatildi.

    Shuningdek, mutasaddilarga maktab kutubxonalariga yetkazilgan darsliklarni saqlash, maktablarga tezkor yetkazish hamda o‘quvchilarga tarqatishda sustkashliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ogohlantirish berildi.