Ushbu topshiriqqa asosan, Davlat xizmatini rivojlantirish, Yoshlar ishlari agentliklari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda mamlakatimizning barcha hududida salohiyatli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, ularda yetakchilik koʻnikmalarini shakllantirish, yosh kadarlarni seleksiya qilish maqsadida “Kelajak liderlari” klubi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Klubga aʼzolik uchun ikki oy davomida toʻrt bosqichli tanlov oʻtkazildi. Hududlardagi ishchi guruh xulosasiga koʻra, respublikamiz boʻyicha 6 ming 246 nafar talabgor ichidan 630 nafar, jumladan, Surxondaryo viloyatidan 50 nafar nomzod klub aʼzoligiga qabul qilindi. Klub aʼzolari orasidan klub prezidenti, vitse-prezidenti va tarmoqlar boʻyicha koordinatorlar saylandi va amalga oshirish zarur boʻlgan chora-tadbirlardan iborat dastlabki 90 kunlik ish reja tasdiqlandi.

Surxondaryo viloyatida “Kelajak liderlari” klubi tashkil etilganidan buyon qator loyihalar yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, klub aʼzolarining mustaqil fikrlash, boshqaruv va yetakchilik koʻnikmalarini shakllantirish hamda davlat boshqaruvi sohasi boʻyicha dunyoqarashini kengaytirish maqsadida oʻquv-seminarlar, uchrashuvlar, mahorat darslari va treninglar tashkil etilmoqda.

Kelgusida “Hokim bilan bir kun”, “Dublyor”, “Agentlikda bir kun”, “Davlat tashkilotlarida stajirovka oʻtash” kabi loyihalarni ham faol amalga oshirish rejalashtirilgan.

Klub aʼzolari faoliyati kredit-ball asosida baholab boriladi hamda ularning reytingi yuritiladi. Yuqori ball toʻplagan yoshlar Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshirish va xorijda stajirovka oʻtash imkoniyatiga ega boʻladi.

Odiljon SHODMONOV,

Surxondaryo viloyati “Kelajak liderlari” klubi aʼzosi