Yangi avtobuslar Samarqand koʻchalarida sinovdan oʻtkazilmoqda

    Keng va yorugʻ avtobuslarda haydovchilarga ham, yoʻlovchilarga ham sharoitlar yaratilgan

    Keyingi kunlarda Samarqand shahri koʻchalarining eng gavjum boʻlgan 51-, 70- va 66-yoʻnalishlarida Xitoyda ishlab chiqarilgan yangi avtobuslar yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatayotganiga guvoh boʻlyapmiz.

    – Prezidentimiz topshirigʻiga asosan Samarqand shahridagi yoʻnalishlarda harakatlanayotgan avtobuslarni yangilariga bosqichma-bosqich almashtirilishi koʻzda tutilgan, – deydi viloyat transport boshqarmasi axborot xizmati rahbari Sherzod Xalilov. – Shu sababdan aholiga transport xizmati koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan dunyoning yetakchi zavodlarida ishlab chiqarilgan avtobuslarning texnik jihatlari, yoʻlovchilarga yaratilgan qulayliklarini oʻrganish maqsadida ushbu avtobuslar sinovdan oʻtkazilmoqda.

    “Dilshodtransservis” MCHJ tomonidan Buxoro viloyatidan 3 ta, “2531-avtojamlanma” MCHJ tomonidan Jizzax viloyatidan 1 ta avtobus keltirilib, vaqtincha yoʻnalishlarda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatmoqda.

    – Sinovdan oʻtgan ushbu jamoat transportlari ayni vaqtda yoʻllarimizda harakatlanayotgan “Isuzu” avtobuslariga nisbatan ancha qulay, – deydi “Dilshodtransservis” MCHJ rahbari Asad Ahmedov. – Yoʻlovchi sigʻimi koʻp, yumshoq oʻrindiqlar, texnik jihatdan koʻp yillar taʼmirsiz harakatlanishi bilan haydovchilarimizda yaxshi taassurot qoldirdi. Keng va yorugʻ avtobuslarda haydovchilarga ham, yoʻlovchilarga ham sharoitlar yaratilgan. Yoʻnalishlarda qaysi turdagi avtobuslar toʻgʻri kelishi, ularning texnik qobiliyati, yoʻlovchi sigʻimi, taʼmirlash imkoniyatlarini ham sinovdan oʻtkazib, oʻrganib boryapmiz.

    Dilmurod Toʻxtayev