Yangi baholash tizimi ijodkorlik va izlanuvchanlikni taʼminlaydi

    Bu baholash tizimida oʻquvchining boshqa oʻquvchi bilan bahosini taqqoslashga hojat qolmadi. Chunki u mustaqil ravishda mezonlar asosida oʻz ishini baholash imkoniyatiga ega boʻldi.

    Jamiyatda boʻlayotgan tarixiy oʻzgarishlar yangilangan taʼlim dasturini chetlab oʻtishi mumkin emas. Kelajak avlodga qanday taʼlim tizimlarini taqdim etish, bolalar muvaffaqiyatga erishishi uchun nimani oʻrganishi, taʼlim berishning samarali usullari va ularni baholash qanday boʻlishi kerak, degan savollar bugun kun tartibida. Yangi mezonlarga asoslangan baholash tizimi shu savollarning barchasiga javob topishga imkon beradi.

    Mazkur baholash tizimi oʻquvchilarning tanqidiy, ijodiy fikrlash, muloqot qilish hamda hamkorlikda ishlash koʻnikmalarini tekshiradi. Albatta, oʻquvchilarning bu koʻnikmalari baholangandan keyin pedagoglarning ham darslarga, bilim berishga yondashuvi oʻzgaradi. Taʼlim jarayoni oʻquvchilarning yuqorida sanab oʻtilgan koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratiladi. Oʻz-oʻzidan dars­larda turli faol va interfaol usullardan foydalanish ehtiyoji tugʻiladi. Oʻquvchilar hamkorlikda faoliyat yuritib, loyi­halar ustida ishlaydi. Bu orqali ularda samarali muloqot, bajarilayotgan loyihalarga ijodiy yondashuv koʻnikmalari shakllanib boradi.

    Ayni damda bu baholash tizimida fao­liyat yuritayotgan maktablardagi oʻquvchilarning loyiha va amaliy ishlarini koʻrib, ularning bilimida oʻsish, ijodiy va tanqidiy fikrlash, hamkorlikda ishlash va muloqot qilish koʻnikmalari shakllanayotganiga guvoh boʻlish mumkin.

    Mezonlarga asoslangan baholash tizimi qoʻllanishining yana bir afzalligi — oʻquvchilarni xalqaro PISA tadqiqotlariga tayyorlash. PISA testlari maktab oʻquvchilarining haqiqiy hayotda kerak boʻladigan hodisalarni tahlil qilish, ulardan xulosa chiqarish va muloqotga kirishish koʻnikmalarini qay darajada egallayotganini, taʼlim tizimining bu oʻzgarishlarga qanchalik moslashayotganini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.

    Yangi baholash tizimi kirib kelishi pedagog va oʻquvchilar faoliyatini tubdan oʻzgartirib yubordi. Pedagog bilim beruvchi emas, balki bilimni mustaqil egallashga yoʻnaltiruvchi shaxsga aylandi. Ular sifatli natijalarga olib keladigan mezonlar asosida oʻquvchilarni baholash, oʻqitish sifatini oshirish, ularning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda har bir oʻquvchi uchun mashgʻulot hajmini rejalashtirish, turli baholash usullaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi. BSB (bob boʻyicha summativ baholash) va CHSB (chorak boʻyicha summativ baholash) natijalarini tahlil qilib, oʻquvchilar yoki oʻzlari tomondan yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni tuzatish, boʻshliqlarni toʻldirishi mumkin.

    Oʻquvchilar taʼlim obyektidan (passiv eshituvchi roli) taʼlim subyektiga (taʼlim jarayonining asosiy faoliyat ishtirokchisi) aylandi. Ular kognitiv qobiliyat va fikrlash darajasini oshiradigan turli oʻqitish usullaridan foydalanish, oʻz-oʻzini baholash, mulohazali fikrlash, fikrlarini erkin ifoda etish, bilimlarini namoyish qilishiga imkon yaratildi.

    Ota-onalarda esa bolaning bilim darajasi boʻyicha dalillari bilan tanishish, farzandlarining taʼlim muvaffaqiyatlarini nazorat qilish imkoniyati paydo boʻldi.

    Bu baholash tizimida oʻquvchining boshqa oʻquvchi bilan bahosini taqqoslashga hojat qolmadi. Chunki u mustaqil ravishda mezonlar asosida oʻz ishini baholash imkoniyatiga ega boʻldi. Oʻzining kuchli va zaif tomonlarini taqqoslab, xulosa chiqarib, xato va kamchiliklari ustida ishlashni boshladi.

    Yuqori natijalarga erishgan maktablar qoʻshimcha ravishda ragʻbatlantirib kelinmoqda. Oʻquv yili oxirida 20 foiz eng yaxshi natija koʻrsatgan maktablar tanlab olingan va ularda ishchi guruhlar tomonidan chuqur tahlil ishlari olib borildi. Mazkur maktablarning muvaffaqiyatli tajribasi oʻrganilib, uni boshqa maktablarga tatbiq etish boʻyicha choralar koʻrildi.

    — 2023-2024 oʻquv yilida yangi baholash tizimi joriy etilgan 500 ta maktab 2 bosqichli saralash jarayonidan oʻtgan boʻlib, bunda oʻquvchilarning oʻzlashtirish darajalari oldindan belgilab olingan mezonlar asosida baholab chiqilgan, — dey­di Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori Dilrabo Davidova. — Oʻrganish va tahlillarda yangi baholash tizimini joriy etish jarayonining bosh­langʻich bosqichida maktablarda oʻquvchilarning baholari tushib ketishi kuzatilgan. Buning sababi, oʻquvchilar endilikda aniq belgilangan mezonlar asosida baholanar ekan, unda bor bilim va koʻnikmaga baho qoʻ­yilgan, yaʼni subyektiv yondashuv yoki nisbiy baholash boʻlmagan. Bundan tashqari, oʻquvchilarni baholashda nafaqat ularni bilish yoki xotirasini sinashga doir, balki bilimlarini hayotda muammoli, aniq vaziyatlarda qoʻllay bilishi, mulohaza yurita olishini sinashga oid savollar berilishiga eʼtibor qaratilgan. Baholash tizimini joriy etishning keyingi bosqichlarida oʻqituvchilarning taʼlim berishga, oʻquvchilarning esa taʼlim olish va mustaqil izlanishga yondashuvlari oʻzgarganini koʻrish mumkin boʻldi.

    Bu tizimda shaffof, oqilona va ­odilona faoliyat yuritayotgan maktab jamoasigina yaxshi natijalarga erishib, ustama olish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Bunga erishish uchun maktab maʼmuriyati BSB va CHSB ­jarayonlarini toʻgʻri va aniq tashkillashtirishi, oʻquvchi va ota-onalar bilan muloqot qilib, tushuntirish ishlari olib borishi, nazorat ishi oldidan oʻquvchilar bilan namunaviy variantlar koʻrib chiqilishi, pedagoglar vazifalarni belgilangan mezonlar asosida tekshirishi lozim boʻladi.

    Bundan tashqari, yangi baholash tizimiga oʻtgan maktab oʻqituvchilari uchun maxsus oʻquv treninglari tashkil etildi. Bu orqali ularning malakasi oshirildi va zamonaviy taʼlim metodlari boʻyicha koʻnikmalari mustahkamlandi. Ushbu qadamlar umumiy taʼlim sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

    2021-yilda mezonlarga asoslangan baholash tizimi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda, soʻng boshqa ixtisoslashtirilgan maktablarda joriy etildi. Toʻplangan tajribadan kelib chiqib, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan 500 ta umumtaʼlim maktabida baholashning mezonga asoslangan tizimini joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. 2024-2025 oʻquv yilidan bosh­lab bu tizimga 1500 ta umumtaʼlim maktabi qamrab olindi. Albatta, bu maktablarga yangi baholash tizimini joriy etishdan avval barcha maktab jamoasiga seminar-treninglar oʻtkazildi.

    Seminarlar avval maktab direktorlari, soʻng direktor oʻrinbosarlari, undan ke­yin fan oʻqituvchilari uchun kaskad usulda tashkil etildi. Har bir maktabda Ixtisos­lashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarning biridan jalb etilgan, mezonga asoslangan baholash boʻyicha tajribaga ega hamda yangi tizimga moslashishda oʻqituvchi va oʻquvchilarga koʻmak­lashish vazifasi yuklatilgan metodist va trenerlar biriktirildi.

    Oʻquv treninglarida maktab jamoasiga mezonlarga asoslangan baholashning mazmun-mohiyati, BSB va CHSB vazifalarining mazmuni, oʻquvchilar tomonidan toʻplanadigan ball koʻrsatkichlari haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

    — Maktablarga biriktirilgan trenerlar tomonidan doimiy ravishda zamonaviy dars metodlari haqida seminar-treninglar oʻtkazilmoqda, — deydi Dilrabo Davidova. — Bu yerda asosan oʻquvchilarning reproduktiv, produktiv darajalari, mulohaza yuritish hamda 4K usuli orqali oʻquvchilarning ijodiy va tanqidiy fikrlash, muloqot va hamkorlik qilish koʻnikmalarini rivoj­lantiruvchi zamonaviy metodlar bilan tanishtirish va amaliyotga tatbiq etish masalalari koʻrib chiqiladi. Bundan tashqari, oʻquvchilar bilan amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish, laboratoriya ishlarini bajarish va loyihalar yaratish boʻyicha amaliy topshiriqlar beriladi.

    Topshiriqlar oʻquvchilarning yashirin iqtidorini ochishga, ularni izlanishga, mus­taqil fikr yuritib, qaror qabul qilishga oʻrgatadi. Nazariy bilimlarini sinf oldida gapirib berishga uyalgan bolalarga amaliy ish va loyihalar orqali bor bilimini namoyish etishga imkon yaratadi. Bunday oʻzgarishlar taʼlim sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

    Ilm-fan va texnika jadal rivojlanib borayotgan, raqamli manbalar oqimi kuchaygan davrda inson qobiliyati, isteʼdodi, oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish, shaxsga yoʻnaltirilgan yondashuv orqali oʻqitish taʼlim muassasalarining asosiy vazifasi hisoblanadi. Shu bois, vaqt va makon kengligida kelajak avlod oʻz maqsadlariga erishishi, keng imkoniyatlardan foydalangan holda erkin va yorqin yashashi uchun taʼlim islohotlari olib borilmoqda. Chunki har bir oʻquvchining idrokiga qarab, ijodkorlik va har tomonlama izlanuvchanlikni taʼminlaydigan yangilangan taʼlim mazmunini tayyorlash zarurati tugʻilgan edi.

    “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtiso­diyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat das­turida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida bilimni baholashning yangi tartibi joriy etilgan maktablar sonini oshirish vazifasi keltirilgan.

    Jumladan, 2024-2025 oʻquv yili yakunida 1500 ta umumtaʼlim maktabida joriy etilgan bilimni baholashning yangi tartibi samaradorligini tahlil qilish, tahlillar natijasida mazkur tartibni yanada takomillashtirish hamda 2025-2026 oʻquv yilidan boshlab yangi baholash tizimi joriy etiladigan maktablar sonini 3000 taga yetkazish koʻzda tutilgan. Olib borilayotgan ishlar ana shu xayrli maqsadning debochasidir.

    Risolat MADIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri