Joriy yil 2 fevral kuni Prezidentimiz raisligida bo'lib o'tgan videoselektor yig'ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama qilinib, 1 martdan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri boshlanishini ma'lum qilindi.

Bo'ka tumanining Yangi bog' mahallasi Bo'ka — Bekobod avtomobil yo'li yoqasida joylashgan. Mazkur mahallada istiqomat qilgan Xolmat ota Soliyev ko'p yillar bog'bon bo'lib, turli mevali va manzarali ko'chatlar yetishtirish bilan shug'ullangan. Xolmat otaning ishlarini bugun uning farzandlari Bahrom, Botir, Bahodir va Boburjon davom ettirmoqda. Ular yetishtirgan ko'chatlarning turi va sanog'iga yetish qiyin.

Tuman hokimligi va mutasaddi tashkilot vakillari “Yangi bog'”ni obod va ko'rkam qilish maqsadida yo'l yoqalariga mevali va manzarali daraxt ko'chatlari ekish uchun hasharga chiqishganida Xolmat otaning farzandlari ham tek qarab turmadi. O'z bog'larida etishtirayotgan bir ming tupdan ortiq ko'chatlarni tortiq qildi.  

Hasharchilarning ishini kuzatib turgan mahalla oqsoqollaridan biri O'ktam ota: “Hamma ham farzand o'stiradi, tarbiyalaydi. Xalqimizda bir naql bor: “Bo'yimdek bo'y o'stirdim, ammo ko'nglimdek ko'ngil topolmadim...” Xolmat aka farzandlarining bo'yini ham o'stirgan, ko'nglini ham topgan ajoyib inson edi. Umrini xayrli va sharafli ishlarga bag'ishlagan. Bugun uning ishlarini farzandlari davom ettirmoqda. Baraka topishsin. Bu joylar hali o'tgan ketganni havasini keltiradigan bir bog' bo'lsin”, deya qo'lini peshonasiga qo'yib olis-olislarga termuldi.

 — Bugun yashil hududlarni tashkil etishni o'zimizning mahallamiz, qishlog'imizdan boshlasak atrof-muhitimiz yanada obod va ko'rkam bo'ladi, — deydi Xolmat otaning farzandi Bobur Soliyev. — Joriy yil bahor mavsumiga 28 gektar ko'chatzorimizda 8 million dona turli daraxt ko'chatlarini tayyor qilib qo'ydik. “Yashil makon” loyihasi doirasida tuman va viloyatimiz hududlariga 30 ming dona mevali va manzarali daraxt ko'chatlari bepul tarqatildi. Bunday ishlarni yana davom ettirish niyatidamiz.

Har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan  ko'chatlarni tanlab eksak, ularning tutib ketishi oson bo'ladi. Yo'l yoqalariga esa iloji boricha yoshi katta ko'chatlarni ekishni tavsiya qilayapmiz. Tadqiqotlarga ko'ra, yashil hududlar insoniyatga ijobiy ta'sir ko'rsatib, bunday tabiat manzaralarini tomosha qilish g'azab, qo'rquv va stress darajasini kamaytirar ekan.  

“Yangi bog'”da sayyor xizmat o'tkazayotgan tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari ham hasharga o'z hissalarini qo'shishdi. Aka-uka Soliyevlar fursatdan foydalanib markaz xodimlariga o'z rejalarini gapirib berdi. Ko'chatxonalarida etishtirilgan nihollarni qo'shni viloyatlarga ham tarqatayotganligi, kelgusida mevali va manzarali daraxt ko'chatlarini chet davlatlarga ham eksport qilish niyatida ekanligini aytishdi.

Tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari shu yerning o'zida aka-ukalarning yumushini oson qilib, 5 daqiqada “Soliyev Xolmat Agro markaz” mas'uliyati cheklangan jamiyatni davlat ro'yxatidan o'tkazib, sayyor tartibda xizmat ko'rsatdi.

— Shunchalik osonmi, biz qancha yugur-yugur, hujjatlar yig'ish  kerak, deb ishimizdan ortmay markazga borishga vaqt topolmay turgandik, — deya hayratini yashirolmadi Bahrom Soliyev.

Markaz direktori Kamoliddin Asqarov, hukumatimiz tomonidan tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar, imtiyozlar, ularni davlat ro'yxatidan o'tishida hujjatlarning kamaytirilgani haqida batafsil ma'lumot berib o'tdi.

Aka-ukalarning kayfiyati chog' bo'ldi. Markaz xodimlari esa hali yana boradigan joyimiz ko'p, vaqtdan unumli foydalanib aholiga sayyor xizmat ko'rsatishimiz kerak, deya ular bilan xayrlashdi. Xizmat ko'rsatishda foydalaniladigan “Damas” avtouloviga chiqishdi. Mashina bir zumda “Ko'k Orol” mahallasi tomon yo'l oldi...

 Erkin Doripov,

DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

matbuot xizmati boshlig'i