Yangi bo‘lib yangi emas...

    Bugun yurtdoshlarimizning uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji har qachongidan-da yuqori.

    Aholining ushbu ehtiyojini qondirish uchun yangidan-yangi, zamonaviy, shinam va koʻrkam uylar qurilmoqda. Albatta, hamma ham sifatli, qulay, koʻrinishi chiroyli uyda yashashni orzu qiladi. Ammo...

    Jizzax shahrining “Olmazor” mahallasida bunyod etilgan koʻpqavatli uylarning qurilishi shahar aholisini mamnun qildi. Koʻplar qatori D.Tursunova hamda Lola Xoʻjabekova ham 10-uydagi xonadonlardan biriga boshlangʻich badal uchun pul toʻlab, turarjoyga egalik qilishdi. 10-uyning 21-xonadonini D.Tursunova, 9-xonadonini esa L.Xoʻjabekova “Ulkan meros trans” MCHJ ish yurituvchisi F.Shokirovdan qabul qilib, koʻchib keldi.

    Fuqarolarning xursandligi uzoqqa choʻzilmadi. Manfaatdor tashkilotlar mutaxassislari tomonidan xonadon namunali va sifatli qilib qurilgan, deb tasdiqlangan uylarda birin-ketin muammo va kamchiliklar kelib chiqa boshladi. Masalan, L.Xoʻjabekovaga qarashli xonadonning oshxonasi va kirish qismidagi eshiklarda muammo chiqqan boʻlsa, D.Tursunovaga tegishli xonadonning pol qismidagi tarketlar sinib ketgan.

    Aslida, bu nuqsonlar arzimas boʻlib koʻrinishi mumkin. Ammo koʻchib kirganiga hali uch-toʻrt oy boʻlmay turib, kamchiliklar chiqsa, xonadon pulini 20 yil ichida toʻlab qutulguncha yana qancha kamchiliklarni bartaraf qilish uchun turli idora va tashkilotlarning eshigini qoqib bormasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Xonadon egalari mazkur kamchiliklarni bartaraf qilish uchun “Ulkan meros trans” MCHJ ish yurituvchisi F.Shokirovga bir necha bor murojaat qilgan. Ammo xonadon egalarining murojaati qanchalik toʻgʻriligini “unutib” qoʻygan qurilish mutasaddilari kamchiliklarni toʻgʻrilab berishni paysalga solishdan nariga oʻtmagan.

    Chorasiz qolgan fuqarolar Jizzax shahri isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga amaliy yordam soʻrab murojaat qiladi. Jamiyat xodimlari murojaatni tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda oʻrgandi. Oʻrganish davomida murojaatda keltirilgan vajlar oʻz tasdigʻini topdi. Har ikkala fuqaroning xonadonida ayrim ishlar sifatsiz bajarilgani maʼlum boʻldi.

    Oʻrganish natijalaridan kelib chiqib, “Ulkan meros trans” MCHJ quruvchi mutasaddilariga “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun talablari tushuntirildi. Oʻz navbatida, kamchilikka yoʻl qoʻygan mutasaddilar murojaat egalarining muammolarini bartaraf qilib, sifatsiz eshiklar va tarket pollarni yangisiga almashtirib berishdi.

    Gulbahor MUSINOVA,
    Jizzax shahri isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassisi