баннер
Sayt test rejimida ishlamoqda
Лого Лого-пв-уз

    Yangi boqqa asos solindi

    Hukumat 1 May 2021 1588

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida barpo etilayotgan bogʻ hududiga tashrif buyurdi.

    Daraxtzorlar – yurtga chiroy beradigan, hayot sifatini oshiradigan manbalardan. Shu maqsadda shahar va tumanlarimizda yangi bogʻ va sayilgohlar tashkil etilmoqda. Bunday “yashil hududlar” soʻnggi yillarda koʻplab qurilishlar boʻlib, tobora rivojlanib borayotgan Toshkent shahri uchun, ayniqsa, muhim.

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimiz yaqinida ulkan manzarali bogʻ barpo etilmoqda. 25-fevral kuni ushbu bogʻ loyihasi muhokama qilingan edi. Bugun unga ilk koʻchatlar ekildi.

    Shu munosabat bilan bu yerga parlament va hukumat aʼzolari, Toshkent shahri jamoatchiligi, nuroniylar, ilm-fan va sanʼat vakillari, sportchilar, yoshlar yigʻildi.

    – Bugungi muborak Ramazon kunlarida sizlar bilan koʻrishib turganimdan xursandman. Xalqimiz uchun munosib sharoitlar yaratish boʻyicha koʻp ishlarni boshlaganmiz. Xudo xohlasa, mana shu bahavo joyda 104 gektarlik bogʻ barpo etmoqchimiz. Bu xayrli ishning boshlanishi hozirgi ulugʻ ayyom kunlariga toʻgʻri kelgani ham xosiyatli, deb oʻylayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Yangi bogʻ nafaqat manzarasi, landshafti, balki mazmuni bilan ham alohida eʼtiborga molik. Bogʻning umumiy koʻrinishi xuddi ulkan daraxtning beshta shoxi shaklida boʻladi. Bu Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yoʻnalishini ifodalaydi.

    Bogʻni oddiy park emas, eng avvalo, yuksak madaniyat va maʼnaviyat maskaniga aylantirish maqsad qilingan. Bu yerda odamlar tabiat qoʻynida osuda dam oladigan soʻlim hududlar yaratiladi. Kashtan, eman, chinor, lola, lipa bogʻlari barpo etilib, noyob manzarali daraxtlar, butalar va gullar ekiladi. Sunʼiy koʻl, sport maydonlari, bolalar oʻyingohlari, favvoralar quriladi.

    Mustaqilligimizning 30 yilligiga bagʻishlangan Istiqlol majmuasi ham shu yerda barpo etiladi.

    Prezidentimiz bu majmuaning tarixiy-gʻoyaviy ahamiyatini taʼkidladi.

    - Bu yil mustaqilligimizning 30 yilligini nishonlaymiz. Lekin davlatchiligimiz 3 ming yillik. Bu ana shu buyuk tarixni koʻrsatadigan majmua boʻladi. Bu yerga kelgan yoshlarimiz, chet ellik mehmonlar ham shuni anglaydigan dalillar aks ettiriladi, - dedi davlatimiz rahbari.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev bu bogʻ Oʻzbekistonning yangi qiyofasini, ulkan salohiyatini, koʻpmillatli xalqimizning jipsligi va ahilligini namoyon etadigan majmua boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Shuni hisobga olib, bu muhtasham boqqa “Yangi Oʻzbekiston” deb nom berishni taklif etdi. Yigʻilganlar bu taklifni qoʻllab-quvvatladi.

    Davlatimiz rahbari jamoatchilik bilan birga yangi boqqa koʻchatlar oʻtqazdi.

    Avval xabar qilinganidek, mazkur bogʻning yonida Olimpiya shaharchasi ham bunyod etiladi.