Yangi “Cobalt” dvigatelining ovozi butun mahallani tutdi

    Mamlakatimizda 20 Oktabr 2020 1316

    Avtomobillar bozoridan avtoulov xarid qilib chuv tushgan xaridorlar haqida koʻp eshitganmiz, guvohi boʻlganmiz. “Olibsotarlar”ning maqtab taklif qilgan “kamchiliksiz” avtomashinalari keyinchalik “hunar” koʻrsata boshlaydi.

    Shu uchun koʻpchilik yangi avtomobil xarid qilishni afzal bilsa kerak. Ammo avtosalondan xarid qilingan yangi mashinalar xar doim xam sifatli va nuqsonsiz deb boʻlmaydi!

    Vobkent tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Sharopov Nosir ham ne-ne niyatlar bilan avtosalondan “Cobalt” rusumidagi avtomobilni xarid qilgan edi. Asragan koʻzga choʻp tushadi deganlaridek, avaylab minayotgan avtoulovida nuqson seziladi. Dvigatelida kuchli shovqin paydo boʻlib, tez orada bu yoqimsiz tovush yetti mahallaga yetadigan darajada kuchaydi. Bu holdan taʼbi xira tortgan isteʼmolchi yordam soʻrab, Buxoro viloyat Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish hududiy birlashmasiga murojaat qilgan.

    Birlashma mutaxassisi Q.Quliyev va Vobkent tuman IHHQ jamiyati raisi F.Rustamov hamkorligida holat yaqindan oʻrganildi va “GM Uzbekistan” AJ ga xat bilan murojaat qilindi. Maxsus mutaxassislar va huquqshunoslar jalb qilingach, muammo isteʼmolchi foydasiga hal etildi. Nosoz avtomobil ishlab chiqaruvchi zavodga joʻnatilib, toʻliq taʼmirlab berildi. Yana bir isteʼmolchining qonuniy huquqlari tiklandi.

    Amirxon Ahmadov,

    Oʻzbekiston IHHQJF Buxoro viloyati hududiy birlashmasi raisining Yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari ,

    Matbuot-axborot va jamoatchilik bilan ishlash sektori boshligʻi