Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi maʼlum qilishicha, mazkur ekochempionat “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida oʻtkaziladi.

Tadbirning asosiy maqsadi aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida daraxt ekish madaniyatini ommalashtirish, ekologik ongni yuksaltirish hamda iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini yumshatishga hissa qoʻshishdan iborat.

Ekochempionat “Eng koʻp daraxt koʻchatlarini ekkan tabiat himoyachisi” nominatsiyasi boʻyicha oʻtkaziladi. Unda oʻquvchilar, talabalar, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham ishtirok etishlari mumkin.

Daraxt ekish jarayoni soat 08:00 dan 12:00 gacha davom etadi. Ekilgan koʻchatlarni sanash va gʻoliblarni aniqlash esa soat 15:00 gacha amalga oshiriladi.

Yakuniy natijalarni hisoblashda koʻchatlar belgilangan talablarga muvofiq ekilgani inobatga olinadi. Belgilangan tartib buzilsa yoki ishtirokchiga boshqa shaxslar yordam bersa, bunday koʻchatlar hisobga kiritilmaydi (harakatlanishi cheklangan ishtirokchilarga 1 nafar yordamchiga ruxsat beriladi).

Gʻoliblar chempionat kunining oʻzida eʼlon qilinib, 3 million soʻm pul mukofoti, diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.

Ekochempionatda ishtirok etish istagida boʻlgan fuqarolar hududiy Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmalariga murojaat qilishlari mumkin.