Yigʻilishda Jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Parlament komissiyasi tomonidan davlat dasturlarini bajarishda NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarini faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirmoqda.

Yigʻilishda fuqarolik jamiyati institutlarini davlatning ijtimoiy sherigi sifatida aholi keng qatlamlarining ijtimoiy va iqtisodiy faolligini qoʻllab-quvvatlashga, islohotlar samaradorligini taʼminlashga, demokratik oʻzgarishlar jarayoniga yana-da keng jalb qilish muhim ahamiyatga egaligi taʼkidlandi.

Ayniqsa, aholi keng qatlamlarining moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qondirish hamda dolzarb muammolarni samarali bartaraf etish jamiyatda manfaatlar muvozanatini taʼminlashning muhim sharti ekanligiga keng eʼtibor qaratildi. Kun tartibida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini uchun grant tanlovini oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi.

Jamoat fondi tomonidan “Millatlararo totuvlik va barqarorlikni taʼminlashda ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish” mavzusida Davlat grantlari ajratish uchun 5-tanlovi eʼlon qilindi. Tanlov yoʻnalishlari etib Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlashda, mamlakatda olib borilayotgan islohotlar toʻgʻrisida jahon hamjamiyatiga xolis axborot yetkazishda milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlarining roli va ahamiyatini yuksaltirish, fuqarolik, millatlararo va tinchlik hamda totuvlikni yana-da mustahkamlashga qaratilgan festevallar, forumlar, tanlovlar, uchrashuvlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish, jamiyatda koʻp millatli katta oila his-tuygʻusini kuchaytirish, respublikamizda yashayotgan turli millat va elat vakillari oʻrtasida doʻstlik va totuvlikni yana-da mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash kabi yoʻnalishlar belgilangan.

Ushbu grant tanloviga doʻstlik jamiyatlari va milliy madaniy markazlar faol qatnashishi rejalashtirilgan. Grant loyihalari NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining moliyaviy resurslarga boʻlgan ehtiyojini qondirishga hamda ijtimoiy-iqtisodiy, sotsial-siyosiy rivojlanishda xududlardagi dolzarb muammolarni bartaraf etishga imkon yaratadi.

Taʼkidlash lozimki, yigʻilishda NNT, OAV va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari, Ijtimoiy sheriklik boʻyicha jamoat komissiyalari aʼzolari bilan muloqotni kuchaytirish, jamiyatda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratining xilma-xil shakl va mexanizmlarini amaliyotga joriy etish, xududlarda uchrashuvlar tashkil etish boʻyicha vazifalari belgilab olindi.

Pandemiya sharoitida Koʻzi ojizlar jamiyati Markaziy boshqaruviga bir marotabalik subsidiya mablagʻlari ajratish masalasi koʻrib chiqildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj jamiyat xodimlarni byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobdan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga aholini keng jalb etish, fuqarolarni siyosiy, diniy, maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashlarni kengaytirish maqsadida “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyatiga qoʻshimcha mablagʻ ajratish masalalari koʻrib chiqildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Parlament komissiyasining qarorlari qabul qilindi.