Yangi elektr hisoblagichlar qanday afzalliklarga ega?

    Avvalgi hisoblagichlarda sanoqli ma'lumotlar jamlangan bo'lsa, tizimga ulanganlarida 40 taga yaqin ma'lumotni ko'rish imkoniyati mavjud bo'lib, xonadon sohibiga taxminan 25 yilgacha xizmat qilishi ko'zda tutilgan.

    Elektr energiyasi va tabiiy gaz aholining kundalik ehtiyojlari uchun eng zarur manbalardan hisoblanadi.

    Ulardan samarali foydalanish tizimini yoʻlga qoʻyish esa aholining ham vaqtini, ham naqdini tejashga xizmat qiladi.

    Prezidentimiz raisligida 14-sentyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish hamda nazorat qilish avtomatlashtirilgan tizimlarini toʻliq joriy etish masalalari tahlil etildi. Joriy yilning 28-sentyabrida Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qoʻyilgan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirish maqsadida ayni vaqtga qadar joylarda qariyb 4 million dona elektr hisoblagich oʻrnatilib, ulardan 2 milliondan ortigʻi joriy etilayotgan avtomatlashtirilgan tizimga ulandi. Energetika vazirligi tizimidagi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan joriy yil yakunigacha yana 3,5 million dona shunday hisoblagich oʻrnatilib, 2021-yil 1-martga qadar elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini toʻliq ishga tushirish koʻzda tutilgan. Mazkur jarayonlar 2021-yil 1-yanvardan boshlab elektr energiyasi hisobini toʻliq yoʻlga qoʻyish, toʻlovlarni oʻz vaqtida va toʻliq undirishni taʼminlash, tizim orqali aniqlangan xatoliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish ishlarini tashkillashtirish kabi vazifalarni amalga oshirish bilan bir vaqtda olib boriladi.

    Oʻz-oʻzini nazorat qiladigan “aqlli” hisoblagichlar

    Avtomatlashtirilgan tizim inson omili taʼsirisiz hisoblagich koʻrsatkichlarini qayd etish, qarzdorlik mavjud boʻlganda tarmoqdan ajratish, bartaraf etilgandan keyin unga qayta ulashning avtomatlashtirilgan mexanizmidir. Bugungi kunda isteʼmolchilarning mavjud elektr hisoblagichlarini joriy etilayotgan avtomatlashtirilgan tizimga oʻtkazishning imkoni yoʻq. Shu bois, respublikamizda yangi tizimga mos keluvchi elektr hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

    Amaldagi elektr hisoblagichlarni yangisiga almashtirishda aholidan hech qanday ortiqcha xarajat talab qilinmaydi. Ularni olib borib, oʻrnatib berish ishlarining bari “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ xodimlari tomonidan bepul amalga oshiriladi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 522 million AQSH dollariga teng. Uning ilk bosqichi Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilib, 150 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratilgan va Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi bilan hamkorlikda Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlarida amalga oshirilmoqda.

    Respublika boʻyicha elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini toʻliq joriy etish uchun joriy yil yakuniga qadar 7 million 418 mingta elektr hisoblagich oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar bu reja 54 foizga bajarildi.

    Hisoblagichlarni oʻrnatish bilan parallel tarzda ularni avtomatlashtirilgan tizimga ulash ishlari ham olib borilyapti.

    Yangi elektr hisoblagichlar haqida aniq tasavvurga ega boʻlmagan ayrim fuqarolar orasida uning oʻrnatilishidan norozi boʻlayotganlar ham uchrab turibdi. Ammo qurilma nafaqat tizim mutaxassislari, balki aholi uchun ham foydalanishda qulay va bir qator afzalliklarga ega.

    — Elektr energetikasi sohasida hisob-kitobning yoʻqligi, debitor qarzdorlikning yildan yilga oʻsib borishi tizimni tubdan isloh qilish, mavjud elektr ­hisoblagichlarni avtomatlashgan turdagilariga almashtirish zaruratini yuzaga keltirdi, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Jahongir Obidjonov. — Amaldagi elektr hisoblagichlar elektron boʻlsada, avvalgi aylanadigan diskli (induksion) hisoblagichlardan faqat koʻrinishi bilangina farq qiladi. Ularning har ikkalasi orqali, afsuski, maʼlumotlarni masofadan olish va boshqarishning imkoni yoʻq. Hisoblagichlarni har safar koʻrikdan oʻtkazish, undan koʻrsatkichlarni yozib olish va hisob-kitob qilish uchun dasturga kiritishga har bir isteʼmolchiga hududiy elektr tarmoqlaridan xodim borishi talab etiladi. Bugungi kunda 7 million 400 mingdan ortiq isteʼmolchida shunday hisoblagich borligini hisobga olsak har oy ularning hammasini maʼlumotini toʻplash oson kechmasligi maʼlum boʻladi. Muntazam ravishda hisoblagich koʻrsatkichlarini qayd etish maqsadida joylarga chiqish uchun 8 ming ishchi olinib, ularning har biriga oylik maosh toʻlangan. Shuningdek, qarzdorligi mavjud boʻlganlarning xonadoniga ikki nafar xodim borib, isteʼmolchini elektr tarmogʻidan uzishi va qarzdorlik toʻlanganidan soʻng qayta tarmoqqa ulashi uchun ham muayyan vaqt hamda ortiqcha mablagʻ sarflanar edi. Eng achinarlisi, uzatilgan elektr hisobini yuritish, isteʼmolchilar kesimida balansini chiqarish uchun koʻp vaqt talab etilishi hisobiga maʼlumotlar korxonaning moliyaviy hisobotlariga kech kiritilar, natijada bu jarayon 6 oygacha choʻzilib ketardi.

    Ana shu kamchiliklarning oldini olish hamda aholiga uzluksiz va sifatli elektr energiyasini yetkazib berishni taʼminlash maqsadida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga oʻtilmoqda.

    Avtomatlashtirilgan tizimga ulangan elektr hisoblagichlardan foydalanish, avvalo, fuqarolarga qulaylik tugʻdiradi. Avvalgi hisoblagichlarda sanoqli maʼlumotlar jamlangan boʻlsa, tizimga ulanganlarida 40 taga yaqin maʼlumotni koʻrish imkoniyati mavjud boʻlib, xonadon sohibiga taxminan 25 yilgacha xizmat qilishi koʻzda tutilgan. Chunki ular mahalliy korxonalar tomonidan jahon standartlari asosida yurtimiz iqlim sharoiti, xususan, havoning eng issiq va eng sovuq darajasiga moslashtirilgan holda ishlab chiqarilmoqda.

    Hisoblagichni sozlash bilan bogʻliq muammolarda ham fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga hojat qolmaydi. Tizimga ulanish jarayonida kamchilikka yoʻl qoʻyilgan boʻlsa yoki ishlashi bilan bogʻliq boshqa muammolar yuzaga kelganda, hisoblagich tizimga avtomatik xabar yuboradi va mutaxassislar kelib, nuqsonni bartaraf etadi.

    — Yana bir qulay jihati, hisoblagichlar toʻliq avtomatlashtirilgan tizimga ulanishi hisobiga unga inson omili taʼsiri butkul cheklanadi, — deydi Jahongir Obidjonov. — Yaʼni hisoblagich koʻrsatkichlarini qayd etish, qarzdorlik mavjud boʻlganda tarmoqdan ajratish, qarzdorlik bartaraf etilganda, tarmoqqa qayta ulashning bari avtomatlashtirilgan tizim asosida amalga oshiriladi. Natijada hisoblagich koʻrsatkichlarini qayd etish uchun xonadonlarni doimiy koʻrikdan oʻtkazish kerak boʻlmaydi.

    Odatda elektr energiyasidan foydalanishni bilamizu, uning toʻlovlariga kelganda ishni ortga suramiz. Natijada uzatilgan elektr energiyasi uchun toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmagani tizimda qator muammolarni yuzaga keltira boshlaydi. Bugungi kunda respublika boʻyicha elektr energiyasidan isteʼmolchilarning 3,4 trillion soʻm qarzdorligi mavjud boʻlib, uning 2,4 trillioni aholi ulushiga toʻgʻri keladi. Qarzdorlik boʻyicha eng katta koʻrsatkichlar Samarqand, Fargʻona va Namangan viloyatlari isteʼmolchilari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

    Hududlarda joriy etilayotgan yangi tizim mazkur muammolarning yechimi boʻla oladi. Xususan, yangi hisoblagichlar oʻrnatilishi va elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimga oʻtkazilishi natijasida 7 ta tuman va shaharda elektr energiyasi uchun toʻlovlarning undirilishi 40 foiz oshib, mavjud debitor qarzdorlik 20 foiz qisqardi.

    Hisoblagichning koʻrsatkichini oʻzgartirish (aylantirish) maqsadida tashqi taʼsir oʻtkazish va boshqa noqonuniy harakatlarni endi “aqlli” tizimdan yashirishning imkoni boʻlmaydi. Buning boisi, hisoblagich har qanday tashqi taʼsirni oʻz xotirasiga yozib oladi va bu maʼlumotlarni qayta ishlash markazlariga yuboradi.

    HAR BIR HUDUDDA SERVIS XIZMATLARI TASHKIL ETILADI

    Hisoblagichlar barcha hududlarga oʻrnatib boʻlingach, ularni sozlash va aloqaga chiqarib billing tizimiga ulash ishlari amalga oshiriladi. 2021-yilning mart ­oyiga qadar barcha elektr hisoblagichlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Toshkentda shu yilning avgust oyida ishga tushirilgan Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markaziga ­ulanadi.

    Markazda respublika, viloyat, tuman (shahar) va zarurat boʻlganda mahallalar kesimida elektr energiyasi isteʼmolchilari hisoblagichlarining maʼlumotlari qayta ishlanadi va saqlab boriladi. Dasturiy taʼminot orqali elektr energiyasining soatlik, sutkalik, oylik va yillik balanslarini shakllantirish hamda tabaqalashtirilgan tarifda hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoni mavjud. Markazda elektr hisoblagichlarni nazorat qilish barobarida ularni masofadan turib qayta dasturlash hamda olingan maʼlumotlarni qayta ishlash vazifalari ham amalga ­oshiriladi.

    Bugungi kunda bu yerda oʻrnatiladigan das­turiy taʼminotning server qurilmalari sakkiz million isteʼmolchini ulashga moʻljallangan boʻlib, kelgusida 20 million nafarga yetkazish imkoniyati yuzaga keladi.

    Ammo tizimni barcha hududlarda ishga tushirish uchun, avvalo, ayrim mavjud muammolarni bartaraf etish talab ­qilinadi.

    — Elektr hisoblagichlarni avtomatlashtirilgan tizimga ulash uchun barcha transformator punktlariga maʼlumotlarni jamlovchi konsentratorlar oʻrnatilib, mobil aloqa orqali maʼlumotlar markazga uzatib boriladi. Lekin respublikamizda internet tarmogʻi boʻlmagan yoki juda yomon ishlaydigan hududlar bor. Bu esa ish jarayonida qator muammolarni yuzaga keltirmoqda, — deydi Jahongir Obidjonov. — Videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari ushbu masalaga alohida eʼtibor qaratib, bu muammolarni hal qilish boʻ­yicha tegishli tashkilotlarga aniq topshiriqlar berdi. Ularning bartaraf etilishi belgilangan vazifalarni tez va samarali amalga oshirishimizda katta yordam boʻladi.

    Shuningdek, loyiha toʻliq yakuniga yetgach, har bir viloyat markazlarida hisoblagichlarga xizmat koʻrsatish servislarini ochish ham koʻzda tutilgan.

    Taʼkidlash joizki, bu ishlarni yoʻlga qoʻyish natijasida elektr energiyasi taʼminotida sezilarli oʻzgarishlar boʻladi. Avvalo, tizimdagi tigʻiz soatlarda yuklamani boshqarish imkoniyati yaratilib, isteʼmolchilarga elektr energiyasini oldindan toʻlov asosida yetkazib berish orqali qarzdorlik hosil boʻlishining oldi olinadi. Aylanma mablagʻlar tanqisligi sabab modernizatsiya va rekonstruksiya qilinmayotgan tarmoqlarga koʻproq mablagʻ ajratish hisobiga elektr energiyasini uzatishdagi uzilishlar soni sezilarli darajada qisqarishiga erishiladi. Asosiysi, das­tur orqali qaysi tarmoq yoki hududlarda meʼyordan ortiq yoʻqotishlar boʻlayotganini aniqlash orqali elektr energiyasini uzatishda tijoriy yoʻqotishlarga imkon qadar toʻsiq qoʻyiladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri