Yangi gazeta: “Oila va tabiat”

    Mamlakatimizda 15 Iyul 2021 2436

    Mamlakatimizda ekologiya va atrof muhit muhofazasi masalalariga qaratilayotgan alohida eʼtibor ramzi sifatida yangi nashr “Oila va tabiat” gazetasining ilk soni oʻquvchilarga taqdim etildi.

    Gazeta qariyb oʻn yildan buyon chop etilayotgan “Oila davrasida” gazetasi negizida tashkil etilib, endilikda Oʻzbekiston Ekologik partiyasining dasturiy gʻoyalarini keng jamoatchilikka yetkazuvchi asosiy nashrga, partiyaning jamiyat oldida aytmoqchi boʻlgan soʻzi uchun bosh minbarga aylanadi.

    Gazeta sahifalaridan yurtimizda dolzarb boʻlib turgan ekologik muammolar, ularni bartaraf etishning yoʻllari haqida tanqidiy-tahliliy materiallar, xalqimizning tabiatga boʻlgan munosabatini oʻzgartirish, yoshlarda atrof muhitni asrab-avaylash koʻnikmasini tarbiyalashga qaratilgan publitsistik maqolalar, qiziqarli maʼlumotlar, xalqimizning milliy mentaliteti, qadriyatlarini ifoda etadigan chiqishlar oʻrin oladi.

    “Oila va tabiat” gazetasining ilk sonida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi Narzullo Oblomurodov bilan “Qalbida ona tabiatga mehri bor har bir inson Ekologik partiya tarafdori” sarlavhali suhbat chop etilgan. Shuningdek, inson va tabiat oʻrtasidagi munosabatlar, atrof tabiiy muvozanatiga oid bir qator tahliliy-tanqidiy materiallar bilan ham tanishishingiz mumkin.