Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!

    Madaniyat 2 Avgust 2023 16873

    Aziz xalqim kutgan goʻzal zamon keldi,

    Diyorimga yangi bahor, boʻston keldi,

    Qalbimizga ziyo – ilmu irfon keldi,

    Shukrimiz bor, ushalgan bu armon uchun,

    Yangi hayot uchun,

    Yangi Oʻzbekiston uchun!

    Buxoriylar,Termiziylar ilmi yoddir,

    Temuriylar, Nasafiylar ruhi shoddir,

    Azizlarning yotgan joyi ham oboddir,

    Bobolardan meros qutlugʻ makon uchun,

    Yangi hayot uchun,

    Yangi Oʻzbekiston uchun!

    Oʻzbek nomi bordir qutlugʻ xabarlarda,

    Ona tilim yangrar oliy minbarlarda,

    Hilpiraydi bayroq mudom zafarlarda,

    Dillar osmon yaralgan keng imkon uchun,

    Yangi hayot uchun,

    Yangi Oʻzbekiston uchun!

    Baland-baland uylar yurtning dil bayoni,

    Yangi qoʻshiq bu – adiblar xiyoboni,

    Yorugʻ umid, maqsadlarning yoʻq poyoni,

    Inson qadri, inson baxti, inson uchun,

    Yangi hayot uchun,

    Yangi Oʻzbekiston uchun!

    Saodatga yetdik, shukur, bardosh bilan,

    Gʻamlar ketar sodiq hamroh, darddosh bilan,

    Bugun xalqim inoq doʻstu qardosh bilan,

    Oq manzillar, yangi davru davron uchun,

    Yangi hayot uchun,

    Yangi Oʻzbekiston uchun!

    Taʼlim, taʼlim, taʼlim degan xitob bilan,

    Oʻzbekiston yuksalmoqda shitob bilan,

    Iymoningga quvvat indir kitob bilan,

    Shiddat bilan yoʻlga chiqqan karvon uchun,

    Yangi hayot uchun,

    Yangi Oʻzbekiston uchun!

    Boshi koʻkka tegib turgan togʻim, Vatan.

    Tinchlik bilan baxtdan masrur chogʻim, Vatan,

    Shavkatinga koʻz tegmasin, bogʻim, Vatan,

    Xalqim deya yashayotgan sarbon uchun,

    Yangi hayot uchun,

    Yangi Oʻzbekiston uchun!

    Gʻayrat MAJID