Ilgari aksariyat viloyat markazlarida atigi bitta oliy taʼlim muassasasi faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, endi hududning hatto olis tuman va shaharlarida ham turli yoʻnalishda bir nechta institut va universitet mutaxassislar tayyorlayapti. Jumladan, Surxondaryo viloyatining olis Denov tumanida ham Tadbirkorlik va pedagogika instituti faoliyat koʻrsatmoqda.

2020-2021 oʻquv yilidan talabalar qabul qilgan institut rektori, filologiya fanlari doktori Gʻanisher RAHIMOV bilan suhbatimiz navqiron ilm dargohining ilk odimlari, unda amalga oshirilayotgan ishlar xususida boʻldi.

— Institutda bugun nechta fakultet bor va ularda jami qancha talaba tahsil olmoqda. Oʻqiyotgan talabalar qaysi mutaxassisliklar egasi boʻladi?

— Ayni paytda uchta — ijtimoiy-iqtisodiy, pedagogika va aniq fanlar, tadbirkorlik va boshqaruv fakultetlari mavjud boʻlib, talabalar oʻn sakkizta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tahsil olmoqda. Bu yoshlar kelajakda pedagog, iqtisodchi hamda tadbirkor boʻladi. Institutimizda bugun 4 mingdan ortiq talaba taʼlim olmoqda.

— Oliygohda sirtqi va kechki boʻlimlar ham ochilganmi?

— Kunduzgi boʻlimda tahsil olayotganlardan tashqari 1700 nafar abituriyent sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki boʻlimlarga qabul qilingan.

— Bilishimizcha, institut ayni paytda sobiq kollej binosida faoliyat koʻrsatyapti. Oʻquv xonalari, talabalar yotoqxonasi va boshqa sharoitlar yetarlimi?

— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Surxondaryoning shimoliy tumani — Denovda tashkil qilingan institut joylashgan sobiq kollej binosini qayta taʼmirlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga bir necha hamkor tashkilotlar jalb etilgan.

2021-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturiga asosan, 1200 oʻrinli oʻquv binosi, 500 oʻrinli talabalar yotoqxonasi bunyod etiladi. 2022-yilda esa xuddi shuncha oʻrinli yana bitta yotoqxona qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mavjud oʻquv binolarini taʼmirlash va zarur jihozlar bilan taʼminlash choralari koʻrilyapti.

— Institut bazasida texnikum tashkil qilish va kollejlarni otaliqqa olish ham koʻzlanganmi?

— Hududda taʼlim uzluksizligiga erishish uchun taʼlim klasterini tashkil etish maqsadida 2021–2022 oʻquv yilidan institut qoshida alohida litsey hamda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan texnikum tashkil etishni rejalashtirganmiz. Litseyda Sariosiyo, Denov, Uzun, Oltinsoy, Shoʻrchi, Boysun tumanlaridagi maktablarning iqtidorli oʻquvchilari oʻqitiladi va aʼlo baholarga tugatganlari institutimiz yoki boshqa oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli ravishda qabul qilinadi.

Boʻlajak litsey uchun sobiq Sariosiyo agrosanoat kolleji binosi operativ boshqarish huquqi bilan institut balansiga oʻtkazildi. Shuningdek, institutimiz balansida turgan sobiq Shoʻrchi qishloq xoʻjaligi kolleji bazasida zamonaviy axborot texnologiyalari texnikumi ochiladi. Hozirda bu masalada qaror loyihasi koʻrib chiqilmoqda

— Institut yangi tashkil etildi, talabalarga saboq beradigan ustozlar, ilmiy darajali oʻqituvchilar yetarli, deb hisoblaysizmi?

— Ilm dargohimizga respublikaning turli oliy taʼlim muassasalarida mehnat qilib turgan va amaliy tajribaga ega boʻlgan 5 nafar fan doktori, 24 nafar fan nomzodi hamda mahoratli oʻqituvchilar tanlov asosida qabul qilingan hamda ular bugungi kunda talabalarga fidoyilik bilan ilm beryapti. Malakali professor-oʻqituvchilar, olimlar safini kengaytirish uchun institutdan 29 nafar yosh maqsadli magistraturaga qabul qilindi.

Prezidentimizning 2020-yil 17-apreldagi qarori 9-bandida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish hamda Innovatsion rivojlanish vazirliklariga oliygohimizni salohiyatli professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlash uchun 2021-yildan boshlab yetakchi oliy taʼlim muassasalarida tegishli sohalar boʻyicha tayanch doktoranturada kadrlarni maqsadli tayyorlash chorasini koʻrish yuklatilgan

Institutimizdan 2020-2021 oʻquv yilida 3 nafar stajyor tadqiqotchi, 6 nafar yosh mutaxassis maqsadli doktoranturada ilmiy ishlarni davom ettiryapti. 2023-yilgacha mamlakatda matematika fanlari boʻyicha taʼlim sifatini yaxshilash, ilmiy tadqiqotlar natijadorligi va amaliy ahamiyatini oshirishning maqsadli dasturi ijrosini bajarish maqsadida matematika boʻyicha doktoranturada oʻqishni rejalashtirayotgan 3 nafar nomzod ilmiy tadqiqotlar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boshqarmasiga taqdim etildi.

Mamlakatimizning boshqa oliy taʼlim muassasalaridan ishga taklif qilingan tajribali ustozlarga qulay ish va yashash sharoiti yaratishga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda. Viloyat hokimining amaliy yordami bilan Denov shahrida qurilgan yangi uylardan biri ustozlarimizga ajratildi.

Institutimizda respublika miqyosidagi “Tadbirkorlik va pedagogika” nomli ilmiy-uslubiy jurnal tashkil etdik. Ilk soni chop etilib, ikkinchi son uchun maqolalar yigʻilyapti. Ushbu nashrda barcha yoʻnalishlar boʻyicha olimlar, ilmiy izlanayotgan doktorant hamda mustaqil izlanuvchilar, magistrant va talabalar maqolalari chop etiladi, shuningdek, ilmiy yangiliklar jamoatchilikka yetkaziladi.

— Kelgusi rejalar va niyatlar haqida ham aytib oʻtsangiz...

— Mamlakatimizda taʼlim tizimini rivojlantirish, uni zamon talablari bilan uygʻunlashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. Bu bejiz emas. Chunki rivojlangan davlatlarning deyarli barchasi oʻzgarishlarga moslasha oladigan va raqobatga bardosh beradigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash taʼlim tizimiga ega. Oliygohimizda ham zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan kadrlar tayyorlashga barcha imkoniyat safarbar etilyapti.

2-3-4-kurs bakalavriat yoʻnalishlarida 459 ta oʻquv fanining elektron oʻquv resurslari Moodle platformasiga joylashtirilgan. 2020-2021 oʻquv yilida dars jarayonlarini sifatli tashkil etish maqsadida 234 ta videodars, 655 ta taqdimot, 35 678 ta elektron oʻquv adabiyoti, 697 maʼruza matni va glossariylar, oraliq nazorat savollari, test savollari hisobiga platforma toʻldirib borilmoqda.

2020-2021 oʻquv yilida xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda turfa loyihalarni amalga oshirish, taʼlim jarayonini takomillashtirish, sifatini yaxshilash borasida xorijiy mamlakatlarning oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilot hamda jamgʻarmalar bilan aloqani mustahkamlash va ilgʻor xorijiy taʼlim tajribalarini oʻzimizda tatbiq etish uchun hamkorlikni yana-da kuchaytirish choralarini koʻryapmiz

Jumladan, Rossiyadagi bir qator oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari tayyorlash, “qoʻshma diplom”, akademik mobillik hamda yozgi maktablar boʻyicha integrallashgan innovatsion taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, Tojikiston texnika universiteti, Tojikiston moliya-iqtisodiyot universiteti, Tojikiston pedagogika universiteti, Tojikiston milliy universiteti bilan stajyor oʻqituvchi, talaba almashish boʻyicha kelishuv olib borilmoqda. Qisqasi, bu borada belgilangan rejalarimiz juda koʻp.

Bugungi kunda oliygoh va tajribali oʻqituvchilar tomonidan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi bilan hamkorlikda Denov, Sariosiyo, Uzun, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon tumanlaridagi umumtaʼlim maktablarining xorijiy tillar va aniq fanlar oʻqituvchilariga ilmiy-uslubiy yordam koʻrsatilyapti

. Taʼlim dargohimizda besh tashabbus loyihasi asosida “Besh tashabbus markazi” tashkil etilgan. Ayniqsa, kitobxonlikka alohida eʼtibor berilyapti. Institut axborot-resurs markazi fondida 33 ming 788 ta oʻquv adabiyoti, oʻquv fanlariga oid 6 ming 682 ta darslik, shuningdek, koʻplab qoʻllanma va badiiy adabiyotlar mavjud boʻlib, ular keng bilimga ega boʻlgan hamda mantiqiy fikrlay oladigan yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilyapti.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri Usmonali Normatov suhbatlashdi.