Oʻzbekiston tumanidagi Kichik tagob qishlogʻida polipropilen qop ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona ish boshladi. “Sement xomashyo savdosi” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli korxona umumiy qiymati 60 milliard soʻm boʻlgan 36 million 500 dona zamonaviy polipropilen qop tayyorlash quvvatiga ega. Loyihani amalga oshirish uchun 3 million AQSH dollariga teng investitsiya yoʻnaltirildi.

Polipropilen xomashyosi va iplardan tayyorlanayotgan mahsulotlar pishiq-puxtaligi bilan ajaralib turadi. Shu kunga qadar bu turdagi mahsulotning asosiy qismi chetdan olib kelingan. Yangi loyiha bu boradagi ovvoragarchilikka va ortiqcha xarajatlarga chek qoʻyadi.

— Polipropilen qoplardan, asosan, mustahkam sanoat qadoqlari sifatida foydalaniladi, — deydi korxona rahbari Orifxon Mahmudov. — Korxona toʻliq quvvatlarda ishlay boshlagach, mahsulot tayyorlash hajmi yanada ortadi, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilib, ichki bozordan tashqari 30 foizdan ortiq masʼhsulot yaqin qoʻshni mamlakatlarga eksport qilinadi.

Zamonaviy texnologiya va uskunalarni mahorat bilan boshqarayotganlarning koʻpi mahalliy yoshlar. Bu yerda ular uchun 100 dan ortiq ish oʻrni yaratilgan.

— Uyimizga yaqin hududda zamonaviy korxona qurilgani ayni muddao boʻldi, — deydi korxona ishchisi Goʻzalxon Sultonaliyeva. — Avvalari shahar va tuman markazlarida ishga tushirilgan korxonalar haqida eshitib, qaniydi bizning qishloqda ham shunday ishlab chiqarish tarmoqlari qurilsa, deb orzu qilardik. Mana, orzularimiz ushaldi. Hamma sharoitlar mujassam korxonada ishlab, oila farovonligiga baholi qudrat hissa qoʻshayotganimdan mamnunman. Oylik maoshlarimizni oʻz vaqtida olamiz, tekin tushlik, ishga borib-kelishimiz uchun avtobuslar ajratilgan.

Loyiha oddiy xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish bilan bogʻliq barcha jarayonlarni qamrab olgani bilan ajralib turadi. Bu yerda mijozlar talab va takliflari asosida mahsulot tayyorlash imkoniyati ham bor.

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.