Yangi korxonalarda aholi doimiy ish bilan ta’minlanmoqda

    Hukumat 1 Fevral 2023 4892

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi Bo‘ston tumanidan boshlandi.

    Bu yerda yaqinda “Sayyora favvorasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan to‘qimachilik korxonasi ishga tushirilgan edi.

    Umumiy qiymati 113 milliard so‘mlik ushbu loyiha doirasida bino barpo etilib, Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Erkaklar, ayollar va bolalar uchun 50 turdan ortiq, yiliga 1 million 200 ming dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mingga yaqin mahalliy aholi ish bilan ta’minlandi.

    Korxonaning “Elegance SM” brendi ostidagi sifatli, bejirim mahsulotlarning asosiy qismi eksportga yo‘naltirilgan. Yillik eksport hajmi 4 million dollar bo‘lishi mo‘ljallangan.

    - Bu korxonaga zamin yaratayotganimizda bugungiday bo‘lib ketishiga ko‘pchilik ishonmagandi. Bo‘ston iqtisodiy jihatdan orqada qolgan tumanlardan edi. Mana shunday korxonalar ochilib, odamlarimiz daromad topayotgani quvonarli. Buni davom ettirib, ish o‘rinlarini ko‘paytirishimiz kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

    Shu yerning o‘zida kasb-hunarga qayta tayyorlash o‘quv markazi tashkil etilgan. Unda hududdagi ishsiz fuqarolar hunar o‘rganib, o‘z yo‘lini topmoqda. Jumladan, yaqinda 200 nafar ehtiyojmand xotin-qiz kasbga o‘qitilib, ishga olindi.

    Prezident ular bilan suhbatda ayolning bilimli, hunarli bo‘lishi oilaning katta yutug‘i ekanini ta’kidladi. Korxonaga muvaffaqiyat, ayollarga oilaviy farovonlik tiladi.