Yangi loyiha – yangi imkoniyatlar

    Fargʻona viloyatining Toshloq tumanidagi “Taraqqiyot” kichik sanoat zonasida yangi investitsiya loyihalari qurilishi boshlandi.

    Bu yerda 2022-2023-yillarda umumiy qiymati 3 296,6 milliard soʻm boʻlgan 23 ta loyiha amalga oshiriladi. Hududda muzlatgich, termos, elektr uskunalari, plastmassa ip va paketlar, sement, mevani qayta ishlash kabi oʻnlab yangi ishlab chiqarish tarmoqlari quriladi.

    “NEW WORLD GAZOIL” MJCH ana shunday istiqbolli loyiha tashabbuskorlaridan. Ular qiymati 70 million AQSH dollari miqdorida zamonaviy loyihani ishga tushiradi. Neft va gaz kondensatlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona qurilishi uch bosqichda amalga oshiriladi. Loyiha toʻliq ishga tushgach bir vaqtning oʻzida 1800 nafar yangi ish oʻrni yaratiladi.

    “Qanjirgʻa” mahalla fuqarolar yigʻini hududida umumiy maydoni 12 gektar boʻlgan sanoat zonasi qurilishi bilan bogʻliq tantanalarda Fargʻona viloyat hokimi Hayrullo Bozorov ishtirok etdi.

    Ayni kunda tumandagi 5 ta hududda kichik sanoat zonalari tashkil etilib, qiymati 2,5 trillion soʻm boʻlgan 200 ga yaqin loyiha amalga oshirilyapti. Bu bir vaqtning oʻzida 12 ming nafardan ortiq yangi ish oʻrni yaratish imkoniyatini beradi.

    Rasuljon KAMOLOV.