Yangi maktabgacha taʼlim tashkiloti bolalarga bagʻrini ochdi

    Ta'lim 13 Aprel 2022 1639

    Sirdaryo viloyati Guliston tumanida yana bitta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti ish faoliyatini boshladi.

    Guliston tuman hokimiyati matbuot xizmati rasmi

    Bugungi kunda tumanda 21 ta Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari, 5 ta Davlat xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari, 93 ta oilaviy Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat yuritib kelayotgan boʻlib, bogʻcha yoshidagi bolalarning maktabgacha taʼlimga qamrov darajasi 96,7% ni tashkil etadi.

    “Obod qishloq” loyihasi doirasida Terakzor mahallasidagi 15-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti qayta taʼmirlanib, bugun 180 oʻrinli yangi binosi bolajonlar uchun oʻz bagʻrini ochdi. Mazkur maktabgacha taʼlim muassasasining bunyod etilishida “Baraka Guliston” MCHJ tomonidan loyiha qiymati 2 milliard 93 million soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilgan.

    Hududda yashovchi oilalarning 180 nafarini oʻz bagʻriga olayotgan bogʻcha aqlni peshlaydigan, bilimni charxlaydigan zamonaviy taʼlim-tarbiya vositalari bilan jihozlangan. Bu yerda bolajonlarning ovqatlanishi, dam olishi, toʻgaraklarda shugʻullanishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Sanitariya-gigiyena, tibbiyot, yosh guruhlar uchun xonalar, musiqa zali, alohida oshxona, umumiy ovqatlanish zali, yozgi ayvonchalar, oʻyinlar maydonchalari barpo etildi, deb xabar beradi Guliston tumani hokimligi axborot xizmati.