Yangi maxsus jamg'armaning 209 million so'm puli nimaga sarflandi?

    Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Namangan viloyati boshqarmasi va hududiy bo'limlari ish yurituvida aliment undiruviga oid 24 ming 305 ta hujjat rasmiylashtirilgandi.

    Ular yuzasidan 2022-yilda jami 104,3 mlrd. so'm qarzdorlik undirildi. Olib borilgan targ'ibot va tushuntirishlardan keyin 94 nafar qarzdor voyaga yetmagan farzandlari uchun 3,4 mlrd. so'm mablag'ni avvaldan amalga oshirishdi.

    O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-avgustdagi “Aliment to'lovlari jamg'armasi faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi 427-sonli qarori talablariga muvofiq, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta'minlashdan bo'yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar tomonidan etkazilgan zarar jamg'arma hisobidan qoplab berilmoqda. Xususan, 8 ta holatda qarzdor otalarning mas'uliyatsizligi oqibatida paydo bo'lgan 209 mln. so'm zarar jamg'arma moliyasidan yo'naltirildi.

    Misol uchun, Muhammadjon Abdullayev ikki nafar bolasiga aliment pulini to'lamaganligi bois, dastlab ma'muriy jazoga, undan so'ng ham xulosa qilmagani uchun jinoyat ishlari bo'yicha To'raqo'rg'on tuman sudi hukmiga binoan Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilgan va 45,9 mln. so'm miqdordagi zararni undirish belgilangan.

    Aynan yangi jamg'arma qarzdor uchun imkoniyat taqdim etdi. Ya'ni davlat ijrochisining qaroriga asosan mavjud qarzdorlik jamg'arma tarafidan undiruvchi nomiga ochilgan plastik kartaga o'tkazilishi ta'minlandi.

    Sohibjon RAPIQOV,

    MIB Namangan viloyati boshqarmasi katta inspektori