Davlatimiz mustaqilligining 32 yillik tantanasi arafasida chop etilgan “Yangi Moʻynoq” nomli kitob-albomi xalqimiz uchun oʻziga xos tuhfa boʻldi. Qoraqalpoq, oʻzbek, rus va ingliz tillarida va oʻziga xos dizayn va yuqori matbaachilik talablarga mos nashr etilgan 330 sahifadan ortiq kitob-albomda Moʻynoq tarixi va buguni haqida qiziqarli maʼlumotlar berilgan.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamkorligida tashkil etilgan taqdimotda soʻz olganlar kitobda yozilganidek, oʻtgan asr oʻrtalarida Orol dengizining qurib borishi oqibatida kelib chiqqan muammolarning achchiq fojialari, dengiz chekinib, shoʻrlangan yer, suv, havo odamlarning salomatligi va turmush tarziga putur yetkazayotganligi, Yangi Moʻynoqda qad rostlagan zamonaviy uylar, xiyobon va mehmonxonalar, bogʻcha-maktablar, yangi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan eksport mahsulotlari, hududda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarish va yangilanishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
— Har bir davrning xalq qahramonligini, umumxalq safarbarligini taqozo etadigan voqealar koʻp. Katta Fargʻona kanalining qurilishi, Mirzachoʻlning oʻzlashtirilishi chinakamiga xalq qahramonligi epopeyasiga aylangan boʻlsa, Moʻynoqning bugungi qiyofasini yaratish yangi Oʻzbekiston davrining oʻziga xos xalq qahramonligini ifoda etadigan voqeliklardan biri boʻldi, — deydi siyosiy fanlar doktori, professor Nazrulla Joʻrayev. — Bugun taqdimoti boʻlayotgan nodir kitob esa, Moʻynoqning eng yangi tarixi ifodasi. Kitobning asosiy yutuqlaridan biri — hududdagi avvalgi vayronalar bilan hozirgi zamonaviy qiyofasi manzaralari yonma-yon qoʻyilgani. Shuningdek kitob qoraqalpoq xalqining bugungi hayoti, ruhiyati, ertangi kunga umidini aks ettirgan. Oʻylaymanki, bu kitob kirib borgan har bir xonadonining qimmatbaho merosiga aylanadi.
Kitob Moʻynoqning kecha va buguni, tarixiy oʻzgarishlar hamda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy hayotida erishilgan natijalar, bir paytlar unutilib, eʼtibordan chetda qolgan manzilga yana joʻshqin hayot qaytganligidan hikoya qiladi.
Shu bilan birga, sobiq ittifoq davrida Oʻrta Osiyoda qishloq xoʻjaligi ehtiyoji uchun choʻllarning oʻzlashtirilishi, suv koʻp talab qiladigan paxta yetishtirishga zoʻr berilishi kabi sabablar bilan Orol fojiasi yuzaga kelgani aytiladi.
“Yangi Moʻynoq” kitob-albomi bugun Moʻynoqdagi oʻzgarishlarni koʻrib, koʻpchilik koʻchib ketganlar ota makonga qaytib kela boshlagani, odamlarning kayfiyati tubdan oʻzgargani zamirida qanchadan-qancha insonlarning mashaqqatli mehnati yotganiga ishonchli dalil, aniq bir ishoradir, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Zero davlatimiz rahbari aytganidek, kimki islohotlarimiz samarasiga shubha qilsa, Moʻynoqqa kelib koʻrsin! Moʻynoqqa bora olmaganlar esa, “Yangi Moʻynoq” kitobini bir varaqlasin!
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri