Yangi muzlatgich qaytarildi, televizor boshqasiga almashtirildi

    Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida yashovchi Sarvar Alisherov Asaxiy.uz internet do'konidan muddatli to'lov asosida 9 million 960 ming so'm evaziga “Samsung” rusumli muzlatgich sotib oladi.

    Biroq olgan kuniyoq muzlatgichda nosozlik aniqlanib, ishlamay qoladi. Sotuvchiga murojaat qilganida buyumni tuzatish uchun “Samsung” servis markaziga olib borishini, muammo ular bilan bog'liq ekanini aytgan. Iste'molchi esa hali bir kun ham ishlatilmagan muzlatgichni “Samsung” servis markaziga olib borishni xohlamagan.

    Shundan so'ng S.Alisherov O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qiladi. Mazkur murojaat o'rganilishi natijasida iste'molchi va Asaxiy.uz internet do'koni o'rtasidagi shartnoma bekor qilinib, mahsulot do'konga qaytarildi.

    Yana bir murojaat, Surxondaryo viloyati Qumqo'rg'on tumanida yashovchi fuqaro O.Jonnazarova tomonidan kelgan bo'lib, iste'molchi Qumqo'rg'on tumanida joylashgan “Shukrona” savdo majmuasi YATT Z.Xo'jaqulovga qarashli savdo do'konidan “Samsung” rusumli televizorni 3 million so'mga sotib oladi. Oradan hech qancha vaqt o'tmasidan televizorda nosozlik borligi, sotuvchi esa uni almashtirib berishdan bosh tortayotganini aytib o'tgan.

    Mazkur murojaat Federatsiya mas'ullari tomonidan o'rganilishi natijasida mahsulot sifatlisiga almashtirib berildi.