Jumladan, 2003-2004 yilda tug'ilgan o'smir qizlar, ta'lim sohasi vakillari, harbiylar va keksalar stortga chiqdilar.

— Marafon mamlakatimizning eng sharqiy hududi bo'lgan Andijonimizdan boshlanib, Qoraqalpog'istonning Mo'ynoq tumanida nihoyasiga etadi, — deydi viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig'i O'tkirbek Toshpo'latov. — Marafon tashkilotchilari O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo'mitasi, Engil atletika federatsiyasi va viloyat hokimligi.

Start chizig'iga to'plangan ikki mingga yaqin ko'ngillilar guruhlarga bo'lingan holda bellashdilar. Asosan yoshlardan iborat sog'lom turmush tarafdorlari orasida o'qituvchilar, engil atletika bilan muntazam shug'ullanuvchilar, keksalar ham bor.

Sport kiyimidagi bir guruh nuroniy otaxonlar va onaxonlar chehrasi quyoshli kuz taftiday iliq.

— Bir necha oydan buyon kunni tongda yayov yurishdan boshlayapmiz, — deydi Andijon shahar hokimligi oila va mahallani qo'llab-quvvatlash bo'limining keksalar va yoshlar bilan ishlash bo'limi boshlig'i Tohirjon To'ychiev. — Bomdod namozidan so'ng faol nuroniylar avtomobillardan holi ko'chalarning biri bo'ylab sayr qilishni odatga aylantirdik. Keksalikka yo'l bermayotganlar orasida 80 yoshni qoralab qo'ygan Qobiljon ota Suyarov, Azimjon ota Komilovlar bor. Bugungi marafonda yayov yurish uchun kelganlardan Tursunboy Rustamov, Abduvosit Mamatxo'jaev, Abdurashid Niyozov kabilarni aytish mumkin.

Start chizig'idan marra chizig'igacha bo'lgan uch ming metr masofani yurugib o'tganlar asosiysi yutish emas – ishtirok etish tamoyiliga amal qildilar. SHunday bo'lsada, har qanday musobaqada bo'lgani kabi birinchilar marafon g'oliblari sifatida e'tirof etildilar. Ularga viloyat hokimining sovg'alari topshirildi.

Rustamjon eSHONOV.

Muallif olgan suratlar.