Navoiy viloyati hokimi Normat Tusunov boshchiligida sektor rahbarlari, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda Yangi Navoiy shaharchasi loyihasi taqdimoti oʻtkazildi.
Ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-avgustdagi “Respublika hududlarida «Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Navoiy shahri markazining meʼmoriy qiyofasini yanada yaxshilash, hududni obodonlashtirish, investorlar uchun jozibadorligini oshirish, zamonaviy obyektlar qurish va xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilashni maqsad qilgan loyiha “Yoshlik” mahalla fuqarolar yigʻini hududida amalga oshiriladi.
Shaharchaning umumiy maydoni 1097,6 gektarni tashkil etib, birinchi bosqichda 450 gektar yer maydonida qurilish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Loyiha Navoiy viloyati hokimligi huzurida tashkil etilib, buning uchun maxsus “Yangi Navoiy shaharchasi” ishbilarmonlik markazi direksiyasi» davlat muassasasi tashkil etildi. Direksiya rahbari etib Mamedov Xoji Nalikuliyevich, rahbar oʻrinbosari vazifasiga esa Kamilov Farxod Mirzaumarovichlar tayinlandi.
Yangi Navoiy shaharchasi yirik zamonaviy biznes va turar-joy binolaridan tashkil topgan infratizim boʻlib, undan koʻp qavatli uylar, biznes markazlari, yirik kutubxona, koʻngilochar va istirohat bogʻlari, sunʼiy koʻl, hunarmandchilik ustaxonalari, va hokazo bino va inshootlar oʻrin olishi loyihaga kiritilgan.
Qurilish ishlari 2040-yilgacha davom etadi.