Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar yangi obyektlarning Navroʻz umumxalq bayrami va Ramazon hayiti arafasida foydalanishga topshirilishi institut jamoasi uchun bayram sovgʻasi boʻlganligini alohida taʼkidladi.
Ayni paytda institutda 16 mingga yaqin talaba tahsil olayotgan boʻlib, ulardan 1700 ga yaqin yoshlar talabalar turar joylariga qamrab olingan. Institutning yangi qurib bitkazilgan ushbu 3-sonli talabalar turar joyi 500 oʻringa moʻljallangan boʻlib, yoshlarning talabalar turar joyiga boʻlgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.
Talabalar turar joyi qurilishi uchun institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 23 milliard 704 million soʻm mablagʻ ajratildi va qurilish ishlari sifatli ravishda yuqori darajada olib borildi. Bu yerda talabalarning oʻqishdan boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun barcha sharoitlar mavjud. Xususan, axborot-resurs va IT markazlari, xorijiy tillarni oʻrganish va tikuvchilik toʻgaraklari, shaxmat klubi, maʼnaviyat xonalari yoshlarning bilim va qobiliyatlarini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. Shu bilan birga, nogironligi boʻlgan talabalar uchun ham maxsus xonalar ajratilib, zarur qulayliklar yaratilgan.
Foydalanishga topshirilgan sport majmuasining qurilish-rekonstruksiya ishlari uchun institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 4 milliard 438 million soʻm ajratilgan.
Umumiy 300 tomoshabinga moʻljallangan sport maydoni institutning yangi oʻquv binosi ortidagi boʻsh turgan yer maydonida barpo etilgan boʻlib, bu yerda 6 milliard 199 million soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari mohir quruvchilar tomonidan olib borildi. Ushbu sport inshootlari institutda sport bilan muntazam shugʻullanadigan talaba-yoshlar sonini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilari foydalanishga topshirilgan yangi obyektlarda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi.
Minajatdin Qutlыmuratov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.