Yangi oʻquv yili – yangi bilim va yuksak maqsadlar muqaddimasi

    Bugun 9-sentyabr kuni Fargʻona politexnika institutida yangi oʻquv yilining ilk kuniga bagʻishlangan “Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz! shiori ostida «Talabalikka bagʻishlov” tadbiri boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan turli soha vakillari, davlat va jamiyat arboblari, tadbirkorlar, olimu shoirlar, talaba-yoshlarning ota-onalari mehmon sifatida ishtirok etishdi.

    Davlatimiz madhiyasi jarangi bilan boshlangan tadbirni institut yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha 1-prorektori Sherzod Dehqonov oliygoh rektori Oʻ.R.Salomovning, talaba yigit-qizlarga yoʻllagan samimiy tabrigini oʻqib eshittirdi va yoshlarning kelgusidagi barcha ishlariga omad va zafarlar tiladi.

    Parij-2024 Olimpiya oʻyinlari “Oltin medal” sohibi Lazizbek Mullajonov soʻzga chiqib, Mustaqilligimizning 33-yilligi va yangi oʻquv yilining boshlanishi bilan barchani qizgʻin tabriklab, talabalarni yangi oʻquv yilida yangi marralar, natijalarga erishishlarida muvaffaqiyat tiladi.

    Tadbir davomida 2024/2025-oʻquv yili boʻyicha qabul etilgan 1-bosqich talabalarining orasidan test sinovlarida eng yuqori ball olgan yigit-qizlarga ramziy “Talabalik guvohnomasi”, “Sinov daftarchasi” hamda kalit tantanali ravishda topshirildi.

    Tadbir davomida Margʻilon musiqiy-drama teatri aktyorlari tomonidan taqdim etilgan badiiy koʻrinishlar barcha ishtirokchilar qalbida oʻzgacha taassurot qoldirdi.

    Shundan soʻng, har bir oʻquv xonalarida “Mustaqillik darsi” tashkil etildi. 1-bosqich talabalar uchun oliygohning professor-oʻqituvchilari tomonidan “Birinchi kurs maktabi” tadbirlari boshlandi.

    Eslatib oʻtamiz, yangi 2024-2025- oʻquv yili uchun Fargʻona politexnika institutiga 5 ming nafarga yaqin talabalar oʻqishga qabul qilindi. Shundan, 4 300 nafar talaba toʻlov shartnomasi asosida (kontrakt),700 nafardan ortiq talaba esa davlat granti asosida tahsil olishadi. Shuningdek, taʼlim muassasamizga davlat imtiyozi bilan oʻqishga qabul qilingan talabalar soni 165 nafar boʻlib, shundan 68 nafari nogironligi boʻlgan shaxslarni tashkil etadi.