Yangi oʻquv yili ochilish marosimida Termiz davlat universiteti rektori, professor Avazjon Maraximov nutq soʻzlab, barcha yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi hamda talabalik baxtiga muyassar boʻlgani bilan tabrikladi. Ularga yangi oʻquv yilida yangi marralar, natijalarga erishini tilab, oʻquv yilini rasman ochdi. 

Tadbirda soʻz olgan viloyat Nuroniylar kengashi raisi O.Soatov, viloyat xalq deputatlari kengashi a’zosi D.Suvonova yurtimizda soʻnggi yillarda taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlar, taʼlim sifatida boʻlayotgan oʻzgarishlar haqida alohida toʻxtalib oʻtishdi. 

Ayni paytda Termiz davlat universitetida 680 nafar professor-oʻqituvchilar 23 ming 941 nafar talabalarga dars berib kelishmoqda. Joriy yilda 3 ming 212 nafar yigit-qizlar talabalik maqomiga ega boʻlishdi. Ularning 1 ming 530 nafari kunduzgi, 150 nafari kechki, 725 nafari sirtqi, 675 nafari ikkinchi oliy talimga hamda 132 nafari magistratura bosqichiga qamrab olindi.

“Yangi hayot uchun, yangi O'zbekiston uchun!” shiori ostidagi “Mustaqillik dars”lari ham iliq taasurotlarga boy bo’ldi.

Termiz davlat universiteti rektori, professor A.Maraximov 1-bosqich talabalari bilan samimiy suhbat olib bordi.

Muloqot davomida talabalarga mamlakatimizda 32 yil davomida erishilgan yutuqlar, Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, ta’limdagi islohotlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati va boshqa bir qator ko‘rsatgichlar hamda erishilayotgan yutuqlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berildi.