Yangi o'quv yilidan umumta'lim maktablariga xorijiy nashriyot darsliklari joriy etiladi

    2022-2023 o'quv yilidan boshlab umumta'lim maktablariga Kembrij nashriyoting jami 45 nomdagi Ingliz tili va Informatika darsliklari joriy etiladi.

    Xalq ta'limi vazirligi Amerika Qo'shma Shtatlari Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan “O'zbekiston Barkamollik uchun Ta'lim dasturi” loyihasi doirasida Kembrij nashriyoti tomonidan ishlab chiqilgan jami 45 nomdagi, 1-11 sinflar uchun Ingliz tili hamda 5-11 sinfgacha Informatika va axborot texnologiyalari fanlari darsliklari mahalliylashtirilib, o'zbek tiliga tarjima qilindi.

    Natijada O'zbekistonda 6,5 million nafardan ziyod o'quvchilar yuqori sifatli darsliklardan, o'n minglab o'qituvchilar esa yuqori sifatli qo'llanmalardan foydalanish imkoniyatiga ega bo'ladi.

    Kembrij nashriyoti tomonidan ishlab chiqilgan 10 million dollar qiymatidagi 385 ming dona o'quv-metodik majmualar darslik, mashq daftari va o'qituvchilar uchun qo'llanmalardan iborat.

    Keyingi o'quv yilidan boshlab1-6-sinflar uchun ingliz tili fani bo'yicha Kembrij nashriyoti tomonidan ishlab chiqilgan “Guess what” darsligi, 7-11-sinflar uchun “Prepare” nomli darslik hamda Informatika va axborot texnologiyalari bo'yicha umumiy o'rta ta'lim maktablarining 5-11-sinflari uchun mo'ljallangan darslik joriy qilinadi.

    Ayni damda darsliklar Sirdaryo va Namangan viloyatlarida, jami 208ta maktabda tajriba-sinovdan o'tkazilyapti.

    — O'qituvchilar uchun ushbu yuqori sifatli qo'llanmalar va darsliklar O'zbekistonning ta'lim tizimiga bilimli va iqtidorli hamda hayotda muvaffaqiyatga erishishga imkon beruvchi, tanqidiy fikrlaydigan, muammolarni hal qiladigan va amaliy ko'nikmalarga ega bo'lgan bitiruvchilarni etishtirishga yordam beradi, — deydi Xalq ta'limi vazirligining Respublika ta'lim markazi direktori Shuhrat Sattorov. — Biz USAID bilan ushbu pilot dastur doirasida hamkorlik qilishdan xursandmiz. Mazkur dastur mamlakat bo'ylab o'quv-metodik majmualarni tarqatishga tayyorgarlik ko'rish jarayonida yuqori sifatli materiallarning ta'lim jarayoniga ta'sirini baholash imkonini beradi.