Yangi Oʻzbekiston qanday davlat, degan savolga eng toʻgʻri javob: oʻz xalqining istiqboli va farovonligini qoʻshnilari bilan uzviy holda koʻruvchi, mintaqada inson qadrining barcha narsadan ustunligini taʼminlash borasida ortga qaytmas islohotlarni amalga oshirish tashabbuslarini ilgari suruvchi va bu borada oʻzi har tomonlama oʻrnak boʻladigan davlatdir.
Yangi Oʻzbekiston mintaqa tinchligi tarafdori: muhim chizgilar va raqamlar
2017-2024-yillarda jahondagi muammoli masalalarni oʻzaro kelishgan holda hal etish, ishonch inqiroziga barham berish, oʻzaro iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiluvchi takliflarni eng koʻp ilgari surgan davlat rahbari aynan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevdir.
Davlatimiz rahbarining 2017-yildan boshlangan tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash eng ustuvor vazifa etib belgilangan. Xususan, Prezidentimiz 2017-2024-yillarda mintaqa mamlakatlari manfaati nuqtayi nazaridan 260 ga yaqin muhim va dolzarb taklif hamda tashabbus, ezgu gʻoyalarni ilgari surdi. Ularni ikki yoʻnalishda tahlil qilish mumkin.
Birinchi yoʻnalishdan Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlash, oʻzaro savdo-sotiq borasida yengilliklar joriy etish, mintaqada energetika xavfsizligini taʼminlash, logistik imkoniyatlarni oshirish, ilmiy, madaniy, sanʼat kabi 20 dan ziyod istiqbolli sohada hamkorlik qilishga qaratilgan 150 ga yaqin taklif va tashabbus oʻrin olgan.
Ikkinchi yoʻnalish boʻyicha mintaqa davlatlari va boshqa mamlakatlar oʻrtasida aloqalar oʻrnatish va rivojlantirish, investitsiya jalb etish, mintaqaning tarixiy savdo markazi sifatidagi maqomini qayta tiklash, mahsulotlarini xorijga eksport qilish imkoniyatini oshirish, hududdagi davlatlarning muammolarini hal etishda birgalikda harakat qilishga qaratilgan 110 ga yaqin taklif bildirilgan.
2025-yilda Prezidentimizning juda tigʻiz faoliyati kun tartibidan mintaqada tinchlikni mustahkamlash, turli sohalarda mintaqa davlatlaridagi aloqalarni yanada rivojlantirishga doir ezgu tashabbuslar oʻrin olganini taʼkidlash kerak.
Davlatimiz rahbari bugun mintaqaning jahon maydonidagi nufuzini yanada oshirish va mustahkamlash, uning zamonaviy dunyodagi “boshqalarda mavjud boʻlmagan imkoniyatlari”ni ishga solish, mintaqaning iqtisodiy, madaniy, investitsiyaviy va sayyohlik jozibadorligini oshirish borasida juda ulkan xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston — Tojikiston: ishonchli doʻst va strategik sheriklar
Tojik xalqi — birodarlarimiz. Toʻy va marosimlarimiz, tadbirlarimizda, albatta, biz ularnikida, ular esa biznikida ishtirok etadi. Bu oʻzaro yaqinlik, doʻstlik deyiladi.
Prezidentimizning Tojikistonga amaliy tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashda qator ijobiy jihatlari bilan oldingilaridan ajralib turdi:
birinchi ijobiy jihati: tashrifning muborak Ramazon hayiti vaqtiga toʻgʻri kelganidir. Dini va eʼtiqodi bir boʻlgan xalqlar oʻrtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashda samimiy tilak va niyatlar ijobat boʻladigan vaqt muhim ahamiyat kasb etadi;
ikkinchi ijobiy jihati: tashrif davomida Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasida Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma kuchga kirganidir. Bu tarixiy ulugʻ niyatning qalblardan amaliy maydonga koʻchishini anglatadi. Tashqi ishlar vazirlarining ratifikatsiya yorliqlarini almashgani ham ramziy ahamiyatga ega boʻlib, ittifoqchi doʻstlar oʻrtasidagi yuksak ishonchning huquqiy va siyosiy timsolidir;
uchinchi ijobiy jihati: 10 ga yaqin sohada qoʻshma loyihalarni tezlashtirish boʻyicha davlat rahbarlari oʻzaro fikr almashgani. Buning natijasi oʻlaroq, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi kabi muhim sohalar boʻyicha hamkorlik yanada jadallashadigan boʻldi;
toʻrtinchi ijobiy jihati: jahondagi muhim masalalar boʻyicha ikkala davlat rahbarlari yakdil pozitsiyada ekani yuzasidan siyosiy birlik yana bir bor tasdiqlandi.
Keling, shu oʻrinda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi hamkorlikka doir muhim nuqta va chizgilarni tahlil qilsak:
birinchi muhim nuqta: oʻzaro tovar ayirboshlashdagi erkinlik. Natijada 2024-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash qiymati 700 million dollardan oshdi;
ikkinchi muhim nuqta: iqtisodiy samaradorlikka eltuvchi kooperatsiya loyihalari natijadorligi.
Bunday loyihalar, asosan, beshta muhim soha va tarmoqda, jumladan, sanoat, energetika, elektrotexnika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda;
uchinchi muhim nuqta: hududlararo hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani. Prezidentimiz bu borada 2017-2024-yillarda jami 12 marotaba hududlararo hamkorlik oʻrnatish, hududlararo forumlar tashkil etish boʻyicha amaliy taklifni ilgari surgan.
Mazkur forumlar doʻst xalqlar oʻrtasida yuzaga kelgan “muzlik”larni butunlay parchalab tashladi. Yana qarindoshlik, hamkorlik va sheriklik eshiklari ochildi. Siyosatda bir qoida bor: “Yaxshi qoʻshni bilan ochiq yuzlilik yuz yillik istiqbolning kafolatidir”;
toʻrtinchi muhim nuqta: faol madaniy-gumanitar almashinuv yoʻlga qoʻyilgani.
Oʻzbeklar va tojiklar — madaniyati, sanʼati va adabiyoti oʻzaro oʻxshash boʻlgan xalqlar. Xalqaro aloqalarni tutib turuvchi va sayqallovchi jihat madaniy hamkorlikdir. Soʻnggi yillarda ikki davlat hamda hududlar oʻrtasida qariyb 100 ga yaqin madaniy va gumanitar almashinuv amalga oshirildi. Ayniqsa, ilm-fan sohasida oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasida oldin mutlaqo boʻlmagan yaqin aloqalar oʻrnatildi va rivojlanib bormoqda.
Tashrif davomida bir jihat menda juda katta taassurot qoldirdi: Prezidentimizni Emomali Rahmonning oʻzi Tojikiston ostonasida kutib oldi, yuzidagi samimiyat, eʼzoz va qadr — bular faqat eng yaqin va eng ishonchli doʻstlargagina koʻrsatiladigan ehtiromdir. Yangi Oʻzbekiston rahbarining xalqaro maydonda, ayniqsa, qoʻshnilar tomonidan mana shunday samimiy eʼzozlanishi zamirida, avvalo, ulugʻ xalqimizga mehr va doʻstlik mujassam, desak adashmagan boʻlamiz.
orzular amalga oshgan tarixiy uchrashuv: yangi munosabatlar makoni yaratildi
2025-yil 31-mart oʻzbek, tojik va qirgʻiz xalqlari tarixida muhim sana sifatida muhrlanadigan boʻldi. Nega deysizmi? Unda quyidagi tarixiy natijalarga eʼtibor bering:
birinchi tarixiy natija: aynan shu kuni yillar davomida ogʻriqli savol boʻlib qolayotgan aksariyat masalalar oʻzining uzil-kesil ijobiy yechimini topdi. Mana shulardan biri chegara masalasidir;
ikkinchi tarixiy natija: aynan shu kuni uch davlat oʻrtasida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi toʻgʻrisidagi tarixiy shartnoma imzolandi.
Davlat chegarasi har bir mintaqadagi muhim masalalardan. Chunki chegara bu — xavfsizlik, degani, chegara — davlat, degani. Muayyan makon yoki hududsiz davlat hokimiyatini tasavvur etib boʻlmaydi.
Davlatimiz rahbari soʻnggi yillarda chegaralarni ochish, chegara hududlarni sanoatlashtirish, maʼmuriy bojxona tizimini soddalashtirish, yagona viza tizimini joriy etish, chegaralarda madaniy tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq 10 dan ziyod taklifni ilgari surib kelmoqda. Mazkur shartnomaning imzolanishi ham aslida bundan 7 yil oldin Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan takliflarning amaldagi roʻyobi.
Chegaralar ochilishi natijasida tarixi, dini, tili hamda qadriyatlari bir va oʻxshash boʻlgan doʻst va qardosh xalqlar oʻrtasidagi munosabatlar qayta tiklandi, soʻngan umidlarga qaytadan hayot baxsh etildi. Chegaralar ochilishi, transport qatnovlari qayta yoʻlga qoʻyilishi, chegaraoldi hududlarda savdo-iqtisodiy markazlar tashkil etilishi, faol madaniy-gumanitar hamkorlik natijasida mintaqa xalqlarining ertangi kunga umidi qaytdi, uzilgan qarindoshlik aloqalari tiklandi.
Joriy yilning dastlabki ikki oyida Oʻzbekistonga kelgan sayyohlarning eng koʻpi, yaʼni 422 ming 591 nafari Qirgʻiziston va 401 ming 377 nafari Tojikiston fuqarolari hissasiga toʻgʻri kelgan. Bu koʻrsatkich qariyb 800 mingdan ziyod birodarimiz ziyorat qilish, borib koʻrish uchun muqaddas zaminimizni munosib topgani, yaratilgan imkoniyatlar, ochiq chegaralar orqali qalblarimiz ham oʻzaro yaqinlashganiga ramziy ishora emasmi?! Aynan shunday!
Imzolangan yangi shartnoma esa xalqlarimiz oʻrtasidagi chegara bilan bogʻliq masala yuzasidan uzil-kesil yakdil qarorning huquqiy asosidir. Qisqasi, Xoʻjanddagi chegaraga doir kelishuv qalblarimizda yangi niyat va orzular tugʻilishiga, tarixiy ishonchning qaytishiga sabab boʻldi;
uchinchi tarixiy natija: uch davlat rahbarlari tomonidan Doʻstlik stelasi ochildi.
Aslida, Doʻstlik stelasi qardoshlik, ishonch va strategik sheriklikning oliy ramzidir. Nega ramz deyapmiz? Chunki u xalqlarimiz oʻrtasida yillar davomida shakllangan qiymati tengsiz tuygʻular va hurmatning kelgusi yuz yillarga qadar saqlanishiga ishoradir.
Yana bir muhim jihat shundaki, doʻstlik ramzi mintaqa mamlakatlari, xususan, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻizistonning mintaqa va jahondagi global masalalar yuzasidan yagona pozitsiyada turgani, yaʼni bugun ular xalqaro huquqning yagona subyektiga aylanganiga ishora hamdir. Chunki doʻstlik tuygʻusi sizu biz oʻylagandan ham kengroq va qadrliroq.
Siyosiy nuqtayi nazardan qaraganda, bunday natijaga erishish juda mushkul! Biroq davlatimiz rahbarining uzoqni koʻzlab ish yuritishi, siyosiy donoligi, oqilona hamda puxta oʻylangan tashqi siyosati va samimiy muloqoti natijasida mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlar tarixiy jihatdan oʻzining eng gullagan davriga kirib keldi;
toʻrtinchi tarixiy natija: mintaqa uchun dolzarb ahamiyatga ega nufuzli 4 ta xalqaro tadbir, yaʼni “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti, mintaqadagi umumiy ekologik tahdidlarga bagʻishlangan Iqlim forumi, “Koʻrfaz arab davlatlari — Markaziy Osiyo” oliy darajadagi navbatdagi sammiti hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi kun tartibi, undagi muhim masalalar yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi. Bu borada muntazam maslahatlashuvlar yoʻlga qoʻyilgani hamkorligimizga yanada amaliy ruh bagʻishlaydi.
Jumladan, “Koʻrfaz arab davlatlari — Markaziy Osiyo” oliy darajadagi sammitiga eʼtibor qaratsak. 2023-yilda birinchi bor oʻtkazilgan sammit doirasida Prezidentimiz tomonidan beshta asosiy va ikkita kichik yoʻnalish boʻyicha bildirilgan 10 ga yaqin taklif natijasida Arab va Markaziy Osiyo davlatlari hamda xalqlariga juda katta iqtisodiy va madaniy yutuqlar yaratilmoqda. Misol uchun, arab davlatlarining dunyo tan olgan ishbilarmonlari bilan hamkorlik natijasida mintaqaning energetika salohiyati oshib bormoqda. ACWA Power, Masdar, Mubadala, TACA, Nebras Power kabi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik bunga yorqin misol.
Shuningdek, turizm, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, transport zanjirlarini yaratish borasida ham qator yutuqlarga erishilmoqda;
beshinchi tarixiy natija: chegaralardagi bojxona punktlarini kompleks modernizatsiya qilish va kengaytirish, qulay, zamonaviy savdo va logistika infratuzilmasini shakllantirish borasida qator muhim rejalar kelishib olindi.
Nima uchun bu masala alohida muhokama qilindi? Chunki chegaradagi savdo muhiti oʻzaro tovar ayirboshlash hamda iqtisodiy hamkorlikda bosh asos boʻlib xizmat qiladi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning Qirgʻiziston va Tojikiston bilan tovar ayirboshlash hajmi oʻn karradan ziyod oshgan, ushbu koʻrsatkichning deyarli yarmi chegaraoldi hududlarga toʻgʻri keladi.
Tadbirkor uchun chegarada turib hech qanday toʻsiqlarsiz oʻz mahsulotini realizatsiya qilish muhim. Bunda tadbirkor ham vaqtdan yutadi, ham naqdini olib, oʻz yoʻlida davom etadi.
Prezidentimizning tarixiy saʼy-harakatlari bilan mintaqa yagona iqtisodiy makonga aylandi. Yaʼni mavjud iqtisodiy salohiyatning sekin-astalik bilan ishga tushirilishi, xususan, chegaralarda savdo markazlari tashkil etilishi hamda iqtisodiy salohiyat va kuchlarning birlashuvi, oʻzaro savdoda imtiyozlarni taqdim etish mintaqa bozorining toʻkinligi, narx-navo barqarorligi, eksport hajmining keskin ortishi, yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishi kabi ijobiy natijalarga olib keldi.
Prezidentlar tomonidan ushbu masalaning alohida muhokama qilinishi yuqoridagi yutuqlarning kelgusidagi rivoji uchun juda muhim;
oltinchi tarixiy natija: sanoat kooperatsiyasi loyihalarini moliyalashtirishni davom ettirish borasidagi imkoniyatlardan unumli foydalanish muhokama qilindi.
Prezidentimiz bu borada qoʻshma investitsiya jamgʻarmalari kapitalini bosqichma-bosqich oshirish borasidagi taklifni ilgari surganiga eʼtibor qaratsak.
Ushbu taklifning amalga oshirilishi:
birinchidan, muayyan sohani zarur mablagʻ bilan tezkor taʼminlash imkoniyati yaratiladi. Bu esa dunyo bozoridagi eng qimmat tovar — vaqtni tejash va undan samarali foydalanishga xizmat qiladi;
ikkinchidan, qoʻshma investitsiya resurslari orqali mintaqa bozoridagi muayyan mahsulot yoki tovarga ehtiyoj taʼminlanadi. Bu degani, katta hududdagi 82 milliondan ziyod xalqning ehtiyojini qanoatlantirish uchun yetarli imkoniyat yaratiladi;
uchinchidan, faol realizatsiya orqali pulning mintaqadan tashqariga chiqib ketishining oldi olinadi. Bu degani, mintaqada zamonaviy kooperatsiya muhitini shakllantirish borasidagi imkoniyat ortadi;
toʻrtinchidan, mintaqada yangi ish oʻrinlari ochilishi hamda yangi kasb egalari avlodi shakllanishiga erishiladi.
Bugun mamlakatimiz ishbilarmonlari Tojikiston va Qirgʻizistonning zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga faol sarmoya kiritmoqda. Bu boradagi iqtisodiy kuchlar birlashtirilsa, Prezidentimiz aytganidek, mintaqa xalqlarining turmushi yanada farovon boʻladi, ertangi kunga ishonchi ortadi;
yettinchi tarixiy natija: transport aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Endi bu boradagi ishlar ikki muhim yoʻnalishda bajariladi:
birinchi yoʻnalish: aviaqatnovlar soni koʻpayishi va geografiyasi kengayishi;
ikkinchi yoʻnalish: chegaraoldi hududlardagi shaharlar oʻrtasida yangi avtobus yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilishi.
Bu ishlar xalqlarimiz oʻrtasidagi bordi-keldi munosabatlari, xususan, turizmning yanada rivojlanishiga hissa qoʻshadi.
Markaziy Osiyoning logistika jozibadorligi asoschisi, hech shubhasiz, Prezidentimiz. Xususan, oʻtgan yillarda mintaqa logistikasini bugungi zamonaviy sharoitlarga moslashtirish, mintaqaning transport sektorini raqamlashtirish, logistika sohasidagi kompaniyalar va xodimlari salohiyatini oshirishga doir oʻnlab tashabbus aynan davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan va bugun ular boʻyicha amaliy yutuqlarga erishilmoqda;
sakkizinchi tarixiy natija: “yashil” energetika, suv va ekologiya dasturlarini ilgari surish va amalga oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilgani uchrashuvning mintaqa xalqlari taqdiridagi ahamiyatini yanada oshirdi.
Ushbu masala yuzasidan Oʻzbekiston rahbariyati oldin ham qariyb 20 ga yaqin taklifni ilgari surgan. Ular boʻyicha bugun qator tuzilmalar tashkil etilgan, huquqiy hujjatlar qabul qilingan va dasturlar yoʻlga qoʻyilgan.
Jumladan, mintaqada suv taqchilligining oldini olish, suvdan oqilona foydalanish, toʻxtab qolgan muhim yirik suv loyihalarini amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar asosida bajarilayotgan ishlar va erishilayotgan yutuqlar shular natijasidir.
“Yashil” energetikasiz mintaqa va davlatlarning kelajagini tasavvur qilish qiyin. Shu sababli ham Xoʻjanddagi uchrashuvda ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratilgani bejiz emas;
toʻqqizinchi tarixiy natija: uchrashuvdagi Prezidentimiz tomonidan muhim masala ilgari surildi. Bu — uch davlat hukumatlari iqtisodiy yoʻnalishda yanada faol ishlashiga doir taklif.
Bugunga qadar davlatlarimiz oʻrtasida qariyb 20 ga yaqin soha va tarmoq, hududlar kesimida samarali iqtisodiy hamkorlik qilinmoqda. Ayniqsa, oʻzaro imtiyoz va imkoniyatlar natijasida mutlaqo yangi ishbilarmonlik muhiti shakllandi.
Endi ularni yanada rivojlantirish masalasiga hukumatlar darajasida eʼtibor qaratish va harakat qilish vaqti kelgani davlatimiz rahbari tomonidan taʼkidlangani ijro hokimiyatiga katta masʼuliyat yuklash bilan birga iqtisodiy faoliyatni uygʻun holda yuritish zarurligini ham koʻrsatdi.
Yakunda Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston yetakchilari tomonidan imzolangan qoʻshma deklaratsiya uchrashuv davomida ilgari surilgan kelishuvlar asnosida istiqbolli hamkorlikni yangi bosqichda olib borish imkoniyatini yaratib berishiga umid qilamiz.
Shuningdek, tashrif davomida bir necha madaniy tadbir tashkil etilgani xalqlarimiz oʻrtasidagi mehr-oqibat, oʻzaro yaqinlik, doʻstlikning tarannum etilishiga xizmat qildi. Madaniy tadbirlarda ijro etilgan chegara bilmas sanʼat asarlari uch xalqni kelajak haqida birgalikda oʻylash, saʼy-harakatlarni birlashtirish va maqsadlarni uygʻunlashtirib, oʻzaro doʻstlik degan yuksak qadriyat atrofida jips boʻlgan holda olgʻa intilishga chorladi.
Intilishi oʻxshash xalqlarning istiqboli porloq boʻladi
Xoʻjanddagi kelishuvlar amalga oshirilishi tuprogʻi, dini, taqdiri bir, tashvishu quvonchi oʻxshash xalqlarimiz kelajagi uchun juda muhim. Buni qator jihatlarda koʻrish mumkin. Jumladan, bildirilgan taklif va tashabbuslar natijasida:
- xalqlarimiz oʻrtasida savdo-sotiq yanada faollashadi;
- yangi soha va tarmoqlar rivojlanadi, yangi korxonalar barpo etilib, ish oʻrinlari ochiladi;
- iqtisodiy kuchlar birlashtirilib, mintaqaning eksport hajmi ortadi;
- eng muhimi, xalqlarimiz oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, qarindosh-urugʻchilik va mehr-oqibat kabi tuygʻular yanada mustahkamlanadi.
Amaliy tashrif aziz xalqimiz va jonajon yurtimiz uchun juda muhim natijalarga boy boʻldi. Taraqqiyotimizning bugungi ustuvor yoʻnalishlari belgilangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kirish, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazishdek ulkan maqsadlar belgilangan. Bunday yuksak natijalarga faqat bitta yoʻl — u ham boʻlsa, mintaqadagi qoʻshnilarimiz bilan birga erishamiz.
Bugun dunyoda yuzaga kelayotgan tahlikali, murakkab vaziyatlarda omon qolishning yagona yoʻli mintaqa davlatlari bilan yaqin qoʻshnichilik aloqalarini mustahkamlashdir. Shuning uchun ham mamlakatimizda yuritilayotgan oqilona siyosat — mintaqa davlatlari bilan doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini toʻliq qoʻllab-quvvatlagan holda, “Yangi Oʻzbekiston” degan ulugʻ gʻoyani reallikka aylantirish borasida barchamiz birdek harakat qilishimiz zarur.
Akbarshoh TESHABOYEV,
Davlat va huquq instituti boʻlim boshligʻi,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori,
dotsent