Bu, avvalo, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarimizni davr talablariga mos ravishda boyitish va rivojlantirish, shu orqali jamiyatning madaniy va maʼrifiy yuksalishiga erishish imkonini beradi.
Oʻz navbatida, bu jamiyat aʼzolarining ongi va tafakkurini, hayot falsafasi va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bunda, aholi, ayniqsa, yoshlarning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirish, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalash – oliy maqsaddir.
Ilm-fan, madaniyat va sanʼat, adabiyot va badiiy ijod sohalarining mamlakatimiz taraqqiyotidagi oʻrni va taʼsirini yanada oshirishga qaratilgan alohida dasturlar qabul qilinadi.
Ijodkor ziyolilarga doimiy eʼtibor qaratish, ularni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.
Madaniyat va sport muassasalari, teatr va muzeylarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Hududlarning madaniy yuksalishi, xalq hunarmandchiligini ravnaq toptirishga qaratilgan manzilli ishlarni tizimli asosda olib boriladi.
Mamlakatimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash, fuqarolarimizni turli mafkuraviy tahdidlardan, zararli oqim va gʻoyalardan himoya qilish masalalari bundan buyon ham diqqat markazida boʻladi.
Muqaddas dinimiz, ezgu fazilatlarimizning mujassam ifodasi sifatida qadrlanadi. Yurtimizda turli diniy konfessiyalar uchun zarur sharoit yaratishga qaratilgan siyosat izchil davom ettiriladi.