“Yangi Oʻzbekiston — yangi dunyoqarash”: maʼnaviy-maʼrifiy oʻquvlar boshlandi

    Mamlakatimizda 9 Noyabr 2020 9859

    “Yangi Oʻzbekiston — yangicha dunyoqarash” gʻoyasi ostida oʻtkaziladigan maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy tadbirlar yurtimizdagi har bir mahalla, har bir oilaga kirib borishi muhimligi belgilandi. Jumladan, Buxoro viloyati boʻyicha ishchi guruhi tashkil etilib, uning tarkibiy aʼzolari shakllantirilgan.

    Bugun, 9-noyabr kuni Buxoro davlat universitetida viloyat hokimligi mutasaddilari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi masʼullari, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi, madaniyat va sport sohasi rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlarining oʻrinbosarlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida 3 kunlik oʻquv kurslari boshlangani munosabati bilan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Unda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish ishlarini mahallalarda tashkil etish boʻyicha tuzilgan ishchi guruhlari faoliyatiga toʻxtalib, targʻibot tadbirlarida aholining barcha qatlamini toʻla qamrab olish muhim masala ekanligini qayd etdilar.

    Shuningdek, aholining kayfiyatini koʻtarish, ularda islohotlarga daxldorlik tuygʻusini mustahkamlash, mehr-oqibat, shukronalik, oʻzaro yordam kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yana-da kuchaytirishga qaratilgan madaniy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazishda, har bir shahar-tumanning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda hududda amalga oshirilayotgan islohotlarning aholi keng qatlamiga yetkazilishini taʼminlashga qaratilgan tadbirlarni samarali tashkil etish muhimligiga eʼtibor qaratildi.

    Tadbirda karantin qoidalarini inobatga olib, mahalla, tuman, viloyat miqyosidagi uch bosqichli ommaviy sport tadbirlarini puxta tayyorgarlik bilan tashkil etish, nuroniy, yoshlar va xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sport-chiniqtirish tadbirlariga keng jalb etish borasida ham toʻxtalib oʻtildi.

    Shundan soʻng uch kunlik oʻquvlar boshlandi. Oʻquv jarayonida ishchi guruhlariga faoliyatda nimalarga ahamiyat berish lozimligi, aholini yurtimizda va dunyoda boʻlayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan toʻlaqonli xabardor qilish, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini jamoatchilikka taʼsirchan usullarda yetkazish borasida muhim tavsiyalar berildi.

    Viloyat hokimligi matbuot xizmati