“Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” gʻoyasi ostida targʻibot tadbirlari oʻtkaziladi

    Mamlakatimizda 31 Oktabr 2020 6060

    Bugun Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka “mahallabay” yetkazish, joylarda oʻtkazilayotgan targʻibot tadbirlarida aholining barcha qatlamlarini toʻla qamrab olish, mahallalarda arzonlashtirilgan narxlarda kutubxonalar faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar tahliliga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov pandemiya davridadavlatimiz tomonidan aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, bunda birinchi navbatda ehtiyojmand qatlam vakillariga katta eʼtibor qaratish maqsadida “Temir daftar” hamda yoshlar va ayollarning bandligini taʼminlash maqsadida “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni shakllantirish yoʻlga qoʻyilganligini taʼkidladi. Shuningdek, mazkur islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, uning har bir kishi hayoti, farzandlari kelajagiga taʼsirini tushuntirish, bu boradagi ishlarni “mahallabay” tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlarni samarali ijrosi boʻyicha tizim mutasaddilariga alohida vazifalar yuklatilganligini aytib oʻtdi.

    Unga koʻra, bir yil davomida har oyda barcha tumanlar va shaharlarda hamda mahallalarda targʻibot tadbirlari oʻtkaziladi. Har bir tadbir mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlardan kelib chiqib, yangicha nom va gʻoyaasosida tashkil etiladi. Rejaga asosan, joriy yilning noyabr oyida oʻtkaziladigan targʻibot tadbirlari “Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” gʻoyasi ostida oʻtkaziladi.

    Targʻibot guruhlari joylarga chiqqan holda aholini yurtimizda va dunyoda boʻlayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan xabardor qilish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, xalqimizga xos azaliy qadriyatlarni aholi orasida targʻib qilish, bunda har bir tuman va shaharning oʻziga xos xususiyatlari, aholining yosh toifasi, oilalar tarkibini inobatga olish zarurligi belgilangan.

    Yigʻilishda ushbu muhim tadbirlarni oʻtkazishda Vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

    Tuman va shaharlarda, mahallalarda oʻtkaziladigan madaniy-maʼrifiy, targʻibot tadbirlariga aholi, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar, uyushmagan yoshlar, ehtiyojmand xotin-qizlar, keksa avlod vakillarini jalb etishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi aytib oʻtildi. Bunda Vazirlikning tuman va shaharboʻlimlari tomonidan mahalla raislari bilan hamkorlikda ishtirok etuvchilar roʻyxati shakllantiriladi va bu tadbirlarda taniqli olimlar, sanʼatkorlar, sportchilarning ishtiroki taʼminlanadi.

    Videoselektor davomida mahallalarda kitob savdo yarmarkalarini arzonlashtirilgan narxlarda tashkil etish boʻyicha amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlarga ham atroflicha toʻxtalib oʻtildi. Shuningdek, kitobxonlikni keng targʻib etish, aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida mahalla va tuman miqyosida oʻtkaziladigan ikki bosqichli “Eng kitobxon oila”, “Eng kitobxon oʻquvchi” koʻrik-tanlovlarni oʻtkazish boʻyicha mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab berildi.

    Tadbirda karantin qoidalari hamda hududlarning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda mahalla, tuman, viloyat miqyosidagi uch bosqichli ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish, nuroniy, yoshlar va xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sport-chiniqtirish tadbirlariga keng jalb etish borasida ishlarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.