14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan mamlakatimiz ning barcha hududlarida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, turli sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik doirasidagi ijodiy uchrashuvlar katta tantanalar bilan oʻtkazib kelinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi faoliyati, taʼlim jarayonlari, taʼlim uchun yaratilgan sharoitlar bilan OAV vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida Mudofaa vazirligi, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi va uyushma qoshidagi harbiy-vatanparvarlik kengashi hamkorligida “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!» mavzusidagi Press-tur ham bayram munosabati bilan tashkil qilindi.
Mudofaa vazirligi tizimida harbiy ilm-fanni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida soʻnggi 5-yilda ilmiy salohiyat 4 foizdan qariyb 46 foizga oshdi. 2023-yilda ilmiy salohiyatni belgilovchi tarkib 694 nafarni tashkil etib, ularning 28 nafari fan doktorlari (DSc), 161 nafari fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD), 130 nafari dotsentlardir.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bugungi kunda yangicha mazmun kasb etdi. Akademiya bugungi kunda respublikamizdagi eng nufuzli oliy harbiy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Ushbu ulugʻ dargoh uzoq va boy tarixga ega boʻlib, armiya saflariga har tomonlama yetuk, oʻz kasbining mohir ustasi – haqiqiy ofitserlarni tayyorlab kelmoqda.
Bugun akademiyada umum-qoʻshin, harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Ichki ishlar vazirligi qoʻshinlariga kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish fakulteti va Ichki ishlar vazirligi harbiylashgan boʻlinmalari mutaxassislarini tayyorlash kabi jami 17 ta kafedra faoliyat yuritib kelmoqda.
Akademiyada kursantlarning siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, ijodiy, liderlik sifatlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan 20 dan ortiq toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda akademiyada bir qator xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan kursant va ofitserlar bakalavriat, magistratura va tayanch doktoranturada tahsil olishi, shuningdek xorijiy harbiy pedagog kadrlarni malakasini oshirish ishlari yoʻlga qoʻyilgan.
Akademiyada 4000 dan ortiq kitobga, internet va 15000 dan ortiq elektron adabiyotlarga va shaxsiy tarkib uchun barcha imkoniyatlar ega Axborot-resurs markazi faoliyat yuritadi. Markaz akademiya faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, akademiyaning muzeyida
100-yildan ortiq tarixga ega eksponatlar va qoʻlyozmalar mavjud.
Bugungi kunda mazkur oliy harbiy taʼlim muassasasining ilmiy salohiyati 53%ni tashkil etadi. Tinglovchi va kursantlarga 10 nafarga yaqin fan doktori, 40dan ortiq fan yoʻnalishlari boʻyicha falsafa doktorlari, 50 ga yaqin ilmiy unvonga ega boʻlgan malakali professor-oʻqituvchilar taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.
Akademiyaning oʻquv-moddiy bazasi va oʻquv auditoriyalari eng soʻnggi texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan zamonaviy trenajyorlar, laboratoriyalar, asbob-uskunalar va kompyuter texnikalari bilan jihozlangan. Kursant va tinglovchilarning yashashi va dam olishi uchun shinam va koʻrkam yotoqxonalar, sport bilan shugʻullanishi uchun yopiq suv havzasi, sport zallari, shuningdek, madaniy hordiq markazi va oshxona zamon talablari asosida jihozlangan.
Dastlab press-tur ishtirokchilari harbiy orkestr sadolari ostida kutib olindi hamda ularga akademiya saf maydoni harbiy orkestr, faxriy qorovul va vzvod boʻlinmasining qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari, shuningdek Akademiya madaniyat markazida akademiya faoliyati, taʼlim jarayonlari va sharoitlari haqida tayyorlangan videorolik namoyish etildi.
Shundan soʻng oliy harbiy taʼlim muassasasi boʻylab ekskursiya boshlandi. Unda OAV vakillari akademiya tarix muzeyidagi eksponatlar, axborot resurs markazida yaratilgan sharoitlar, kursantlar boʻlinmasi yotoqxonasidagi qulayliklar, “Amir Temur”, “Bobur”, “Jaloliddin Manguberdi” tematik sinflari va “Psixologik tayyorgarlik markazi” hamda sport majmuasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Shu bilan birga jurnalistlar kursantlarning harbiy va zirhli texnikalar trenajyorlarida texnikani boshqarish va haydash boʻyicha amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etib, “PKST-2» trenajyoridan otish boʻyicha tashkil etilgan musobaqada oʻzaro bellashdilar. Musobaqa natijalariga koʻra gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Press-tur doirasida, Mudofaa vazirligi axborot xizmati va Qurolli Kuchlar akademiyasi masʼullari jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob berdi.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri