Barcha hokimlar va taʼlim sohasi rahbarlariga yozgi taʼtil vaqtida barcha taʼlim muassasalarining sport maydonchasi va oʻquv xonalarida yoshlar uchun sport, fan va kasb toʻgaraklarini ochish topshirildi.
Masalan, oʻzlashtirish darajasi past maktablarga oqsayotgan fanlar boʻyicha eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinib, oʻquvchilar uchun haftasiga olti soatlik oʻquv kurslari tashkil qilinadi.
Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish uchun 900 ga yaqin teatr, madaniyat markazlari va konsert zallari, hududlarda 1,5 mingga yaqin sport maydonchalari, 200 ta oromgoh, 2 mingdan ortiq turizm obyektlari imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish zarurligi taʼkidlandi.
Mutasaddilarga joylardagi amfiteatr va sayilgohlarda har kuni konsert va musiqa kechalari oʻtkazish, madaniyat va istirohat bogʻlarida sanʼat koʻrgazmalari, sheʼriyat kechalari va intellektual oʻyinlar tashkil etish topshirildi.
Poytaxtdagi Yangi Oʻzbekiston bogʻi va parklarda har kuni ochiq osmon ostida konsertlar uyushtiriladi.
Bu ishlarni sport sohasida ham tashkil qilib, 6 million yoshlarni qamrab olishga koʻrsatma berildi.