“Yangi Oʻzbekiston” bogʻida Hunarmandlar maskani barpo etiladi

    Mamlakatimizda 12 Iyun 2023 1584

    “Aholini hunarmandchilikka jalb qilish va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–91-son, 12.06.2023-y.) qabul qilindi.

    Farmonga koʻra, 2025-yil 1-yanvargacha “Xalq amaliy sanʼati ustalarining milliy katalogi” va “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri”ga kiritilgan hunarmandlar uchun:

    • kalendar yil davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilishdan tushgan tushumning 100 million soʻmdan oshgan, biroq 1 milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdori boʻyicha aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi;
    • tovar belgilarini milliy roʻyxatdan oʻtkazish bepul amalga oshiriladi.

    2023-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kasanachilik va hunarmandchilikni rivojlantirishga ajratilayotgan mablagʻlarning kamida 70 foizi hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

    Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi etib qayta nomlandi va 2023-yil 15-iyundan hunarmandchilikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

    Hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan hunarmandchilik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun ajratiladigan subsidiyalar roʻyxati (quyida keltirilgan) tasdiqlandi.

    2023-yil 1-iyuldan:

    • hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishda xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari sifatida joʻnatish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (joʻnatish xarajatlarisiz) 50 foizidan ortiq boʻlmagan qismi qoplab beriladi;
    • davlat mulki boʻlgan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini hunarmandchilik faoliyati bilan shugʻullanish uchun faqat Milliy katalog va Reyestrga kiritilgan hunarmandlarga elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berish tartibi joriy etiladi.

    2024-yil 1-martgacha “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tutash hududda 0,3 gektar yer uchastkasida namoyish zali, “Usta-shogird” maktabi va ustaxonani oʻz ichiga olgan Hunarmandlar maskani barpo etiladi va har bir hunarmandga 100 kvadrat metrgacha joylar ijaraga beriladi.