Bugun yurtimizda hamma narsa oʻzgarmoqda. Islohotlar nafasini eng koʻp his qilgan ham aynan yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari – yosh yigit-qizlar, desak toʻgʻri boʻladi.
Mamlakatimizda yoshlarga ulkan imkoniyatlar yaratilmoqda. Yurtimizda har yili 30-iyun sanasida Yoshlar kuni bayrami nishonlanishi yaxshi anʼanaga aylandi.
Prezidentning Oʻzbekiston yoshlariga har yilgi bayram tabrigida bizga bildirilayotgan yuksak ishonch, oldimizga qoʻyilayotgan muhim vazifalar va aniq maqsadlar aks etadi. Shuning uchun bu kunni va tabrikni barchamiz intiqlik bilan kutamiz.
Bu yilgi tabrikda ham juda koʻp ustuvor vazifalar belgilandi. Eng muhimi, qilingan ishlar va kutilayotgan natijalar haqida gap ketdi. Albatta, Prezidentning yoshlarga ishonchini oqlash – eng ustuvor burchimiz. Biz yoshlar, albatta, bundan oʻzimizga zarur xulosalar qilib, oldimizga ustuvor maqsadlar qoʻyamiz.
Tabrikda yoshlar bugungi kunda oʻzining taqdiriga befarq emasligi alohida eʼtirof etildi. Bunday eʼtirof har bir yigit-qizni yanada shijoat bilan oʻqishga, ishlashga, yurtimiz kelajagiga yuksak daxldorlik tuygʻusini koʻrsatib, uning ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshishga undaydi.
Yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslari takomillashmoqda
2016-yilda Prezident tomonidan imzolangan birinchi qonun “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida” edi. Ushbu hujjat milliy taraqqiyotimiz yoʻlida yoshlarga oid davlat siyosati eng muhim, ustuvor yoʻnalishlardan biri ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Qonun qabul qilinishi bilan yoshlar hayotiga doir islohotlar bir daqiqaga ham toʻxtagani yoʻq. Xususan, mamlakatimiz aholisining 55 foizdan ortigʻini tashkil qiluvchi yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan barcha choralar koʻrilmoqda. Jumladan, shu maqsadda oʻnlab qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilindi. Mazkur hujjatlar yoshlarga huquqiy kafolatlar, yangidan yangi imkoniyatlar, yangilik va yengilliklar yaratib berdi.
Yurtimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida yoshlarning huquqlari bilan bir qatordaburch va majburiyatlariga ham alohida ahamiyat qaratildi. Bularning bari yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda aniq, batafsil ifodasini topdi.
Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti ushbu jarayonda faol ishtirok etganini alohida qayd etish lozim.
Qariyb bir yarim yil davomida mamlakatimiz yoshlarining orzu-havaslari, niyatlarini oʻzida mujassam etgan minglab takliflar kelib tushdi. Buning natijasi oʻlaroq, Konstitutsiyamizga yoshlarga oid alohida moddalar kiritilgani “Oʻzbekiston – yoshlar mamlakati” gʻoyasining yaqqol isbotidir.
Tub islohotlarga mos shakllangan yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makon qator sohaviy, jumladan, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunni ham yangilashni talab etadi. Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi, Yoshlar parlamentlari, qator mutasaddi tashkilotlar va idoralar bilan birgalikda “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonunning yangi loyihasi tayyorlandi.
Qonun loyihasida yoshlar uchun eng muhim asosiy uchta yoʻnalishdagi normalar oʻz aksini topdi: bu taʼlim olish, ish bilan taʼminlanish va yoshlar boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish masalalariga tegishlidir.
Fikrimizcha, ushbu qonunning qabul qilinishi oʻz oldiga yuksak rejalarni qoʻyib, bu yoʻlda dadil qadam bosayotgan millionlab yigit-qizlarimiz hayotida yangi sahifalar ochilishiga sabab boʻladi.
Shahnoza JOLDASOVA,
Qonunchilik palatasi huzuridagi
Yoshlar parlamenti raisi,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD),
TDYUU dotsenti