“Yangi O'zbekiston” gazetasi kunlari Uchqo'rg'onda ham uyushtirildi

    Ma'naviy-ma'rifiy loyihalar ijrosi doirasidagi «Gazetalar kunlari»ning navbatdagisi Uchqo'rg'onda bo'ldi.

    Unda markaziy hamda viloyat rasmiy bosma nashrlari mas'ul xodimlari qatnashdi.

    Tuman faollari jamlangan davrada Vazirlar Mahkamasi nashri hisoblangan “Yangi O'zbekiston” gazetasi Namangan viloyati bo'yicha muxbiri Orifjon Jo'rayev, viloyat hokimligining “Namangan haqiqati”, “Namanganskaya pravda” gazetalari bosh muharrirlari Akramjon Sattorov, Odiljon Inomovlar Uchqo'rg'ondagi har taraflama ijobiy o'zgarishlarni e'tiroflab, bu borada kitobxonligi bilan tanilgan tuman rahbari tajribasini, tashabbuskorligini ta'kidlashdi.

    Ijodiy muloqotda “Yangi O'zbekiston” muxbiri mazkur gazetaning chiqish davriyligi, mazmun-mundarijasi, kelgusidagi rejalari to'g'risida batafsil gapirib berdi. Muhim ma'lumotlarni bildirib o'tdi.

    Darhaqiqat, hozirda yurtimiz, hududlardagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, xalqaro hamkorlikka oid jarayonlarni yoritishda, keng ommaga yetkazishda gazetalar imkon qadar fidoyilik namunasini ko'rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan zamonda tolmas targ'ibotchilik vazifasini sharaf va mashaqqat bilan uddalashmoqda.

    Bugungi kunda “Yangi O'zbekiston” tahririyati tomonidan nafaqat kunlik gazeta chop qilinmoqda, balki uning internet, ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifalari mavjud. Jumladan, www.yuz.uz veb-sayti, yuz_official Telegram kanali, Instagram, Youtube, Facebook kabi platformalarda ham o'z o'quvchilariga ega. Ayni platformalarda muntazam ravishda axborotlar, tahliliy materiallar, videointervyular, suhbatlar joylanadi.

    Samimiy va qizg'in ruhda kechgan uchrashuv davomida jurnalistlar mushtariylarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarishdi. Tuman “Vatanparvar” tashkiloti, Nuroniylar kengashi raislari Mamasoli Norxonov, Akramjon Mamajonov va boshqalar fikr-mulohazalari bilan o'rtoqlashdi.

    Tadbirda tuman hokimi Jahongir Rizzayev ishtirok etdi.