Nufuzli Fitch va Moody's xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi. Jahon bankining investitsiya va ishbilarmonlik muhiti to‘g‘risidagi hisobotida O‘zbekiston yetakchi davlatlar qatoridan joy oldi. Bugun mamlakatda 1,2 million nafardan iborat biznes hamjamiyati shakllangani, so‘nggi besh yilda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 84 ta qonun va
861 ta farmon hamda qaror qabul qilingani bejiz emas. Bu raqamlar davlat tadbirkorni milliy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi sifatida ko‘rayotganini yaqqol ifodalaydi. Bugun sizlar bilan muloqot qilib, bir narsaga amin bo‘ldim. Mamlakatimizda zamonaviy fikrlaydigan, o‘z biznesini kengaytirish uchun yangilikka intilayotgan yangi avlod tadbirkorlari shakllanmoqda. Bu esa yurtimizning ertangi kuni va taraqqiyoti uchun juda katta kuch va ishonchdir. Hech qachon oldinga intilishdan, o‘sishdan, rivojlanishdan, yangilik qilishdan to‘xtamang! Sizlarning ortingizda doimo qo‘llab-quvvatlaydigan kuchli davlat, huquq va manfaatingizni himoya qiladigan qonun, tashabbus va maqsadlaringizni ro‘yobga chiqarishda yelkadosh bo‘lgan Prezident bor”, deya davlatimiz rahbari yaqinda bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ta’kidlagan edi.
Mustaqilligimizning shonli va sharafli 35 yillik tarixi, avvalo, milliy davlatchilikni mustahkamlash, inson qadrini yuksaltirish, iqtisodiy salohiyatni oshirish va xalq farovonligini ta’minlash yo‘lidagi ulkan maqsadlarni ro‘yobga chiqarish davridir. Bunday maqsadlar ilm-fan tadbirkor-chempionlar uyg‘unligini mushtarak ifodalaydigan, Prezidentimiz tomonidan kashf etilgan, ilm-fan yutuqlariga asoslangan ta’limot izchil ijtimoiy davlatni barpo etishga yo‘naltirilgan Uchinchi Uyg‘onishning yangi taraqqiyot modelidir. Turli tillardagi lug‘aviy va etimologik tahlil nuqtayi nazaridan yondashilganda “chempion” so‘zi o‘zbek tiliga xalqaro atamashunoslikdan kirib kelgan bo‘lsa-da, o‘zbek mumtoz va xalq tilida uning muqobili “alp”, “pahlavon” yoki “sarkor” (boshqaruvchi, yetakchi) tushunchalariga to‘g‘ri keladi. Tadbirkorni “chempion” deyish iqtisodiy maydonda yengilmas, o‘z sohasida dovruq qozongan va boshqalarni ortidan ergashtiruvchi “iqtisodiy pahlavon”ni anglatadi. “Chempion” so‘zi kelib chiqishiga ko‘ra lotincha “sampus” (maydon, kurash maydoni) va keyinchalik o‘rta asrlar fransuz tilidagi “sampion” (jangchi, o‘z sharafi va o‘zgalar huquqi uchun maydonda kurashuvchi ritsar) ¬so‘zidan olingan. Iqtisodiyotda bu atama shunchaki g‘olib emas, balki bozordagi raqobat maydonida eng yuqori chidam va innovatsiyani ko‘rsatgan yetakchi demakdir.
Mamlakatimizning shonli va zafarli istiqloli bizga nafaqat o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash imkonini, balki jamiyat va iqtisodiyot taraqqiyotining milliy yo‘lini tanlash mas’uliyatini ham berdi. Bugun yangi O‘zbekistondagi orqaga qaytmas islohotlarning g‘oyat muhim va ustuvor yo‘nalishlaridan biri raqamli transformatsiyalashuv sharoitida tadbirkorlik uchun erkin, barqaror va ishonchli muhit yaratishdir. Zero, iqtisodiy jihatdan qudratli ijtimoiy davlat faqat davlat resurslariga emas, balki tashabbus ko‘rsatadigan, tavakkalchilik qiladigan, yangi ish o‘rinlari ochadigan va mamlakat raqamli iqtisodiy taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan chempion-tadbirkorlarning bunyodkorligiga ham bevosita bog‘liq. Shu ma’noda, mustaqillik va tadbirkorlik o‘rtasida chuqur mantiqiy, ijtimoiy-siyosiy bog‘liqlik mavjud. Mustaqillik — huquq demakdir degan ilmiy-amaliy yondashuvda ham aslida ana shu mantiqiy izchillikdagi noyob qadriyatlar mujassamlashgan. Huquqning iqtisodiy tahlili nazariyasi negizida ham qo‘shimcha qiymat yaratuvchilarning nafaqat iqtisodiy manfaati, balki ularning ashyoga nisbatan hukmronligi, boshqacha aytganda, mulk huquqi himoyasi kafolatlanadi. Qolaversa, siyosiy va huquqiy mustaqillik iqtisodiy mustaqillik bilan mustahkamlanadi. Iqtisodiy mustaqillikni esa xususiy mulk, tadbirkorlik erkinligi, adolatli, halol raqobat hamda investitsiya uchun qulay va jozibador muhitsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yangi O‘zbekiston taraqqiyoti va istiqbolini ta’minlaydigan kuch — tadbirkorlar. Bu yondashuv tadbirkorlikka faqat iqtisodiy faoliyat turi sifatida emas, balki mamlakat taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchi sifatida qaralayotganini anglatadi.
2026-yil 5-avgust kuni xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha ¬respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishida ta’kidlanganidek, mamlakatimizdagi islohotlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida qator xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilangan. Jumladan, Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 14 pog‘ona yuqorilab, 184 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi. Respublikamiz 60,3 ball bilan birinchi marotaba “o‘rtacha erkin” davlatlar qatoriga kirdi. “Ayollar, biznes va qonun” indeksida 43 pog‘ona yuqorilab, 190 davlat orasida 48-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston gender tenglik sohasida muhim huquqiy islohotlarni amalga oshirgan davlatlar qatoriga kiritilib, ayollarning iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida yetakchi besh (Markaziy Osiyoda birinchi, Yevropada uchinchi) davlat qatoridan o‘rin oldi.
Davlatimiz rahbarining Xivadagi muloqoti tasodifiy voqea emas. U besh yillik ochiq muloqotlar davomida shakllangan davlat — tadbirkor sheriklik munosabatlarining yangi sifat bosqichini va kamdan kam davlatlarda kuzatiladigan islohotchi ijtimoiy davlat fenomenini ifodalaydi. Muloqotda so‘zlangan nutq xalqaro miqyosda ham qizg‘in e’tirofga va muhokama mavzusiga, biznes hamjamiyatining katta qiziqishiga sabab bo‘layotgani bejiz emas.
Zero, xalqimizda “Mehnat qilgan — elda aziz”, “Hunarli kishi xor bo‘lmas” kabi purma’no hikmatlar bor. Bugun bu hayotiy haqiqat xalqaro huquqning umume’tirof etilgan norma va prinsiplariga hamda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning asl insonparvarlik mohiyatiga hamohangdir. Ayniqsa, mehnat qilish huquqi, xususiy mulk daxlsizligi, tadbirkorlik faoliyati erkinligi kabilar jamiyat taraqqiyotining konstitutsiyaviy qadriyatidir.
“Mo‘jizaviy taraqqiyot” deganda juda qisqa tarixiy davrda mamlakatning iqtisodiyoti, texnologiyasi, inson kapitali va ijtimoiy institutlari keskin yuksalib, taraqqiyot trayektoriyasi odatiy tadrijiy o‘sishdan sezilarli darajada farq qilishi tushuniladi. Masalan, Yaponiya mo‘jizasi, Janubiy Koreyaning Xangan mo‘jizasi, Singapur mo‘jizasi, Xitoyning iqtisodiy yuksalishi kabilar buning yaqqol misolidir. Agar bu tushunchani “tadbirkor chempion bo‘lsa, mamlakat ham chempion bo‘ladi” tezisiga nazariy asos qilib olsak, bu ham ta’sirchan chuqur ilmiy metodologiyaga asoslangan degan xulosaga kelish mumkin. Buni tom ma’noda, yangi O‘zbekistonning chempion tadbirkor modelidagi taraqqiyot konsepsiyasi deb tavsiflasak bo‘ladi.
“Biznes start”dan “biznes chempion”gacha
Prezidentimizning “Tadbirkorning kichikdan — o‘rta biznesga, o‘rtadan — “chempion”ga aylanishi eng katta qiymatdir” degan konseptual g‘oyasi shunchaki iqtisodiy shior emas. Bu — xalqaro va xorijiy amaliyot sinovidan o‘tgan yangi O‘zbekistonning transformatsiyalashayotgan iqtisodiy modelining falsafiy, huquqiy va strategik poydevoridir. Darhaqiqat, strategik nutqdagi “kichikdan — o‘rta biznesga, o‘rtadan — “chempion”ga aylanishi” g‘oyasi, nazarimizda, oddiy rag‘batlantirish shiori emas.
Davlatimiz rahbari taklif qilayotgan “biznes start”, “biznes lift” va “biznes yuksalish” dasturlarining iqtisodiy-huquqiy ahamiyati ham aynan shunda. “Biznes start” tadbirkorlikka kirish huquqini amaliy ta’minlashga yo‘naltirilgan. “Biznes lift” ishlab turgan biznesning o‘sish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘l ochib beradi. Yangi o‘sish bosqichiga o‘tgan tadbirkorlar uchun “biznes yuksalish” esa kapital, tashqi bozor va investitsiyaviy munosabatlarga kirishni ta’minlashga qaratilgan. Ayni shu ma’noda, tashabbuskor va tavakkalchilikka asoslangan tadbirkorlikni amalga oshirish huquqi va uning chegarasi endi faqat “biznesni qanday boshlash mumkin?” degan savol bilan cheklanmasligi kerak. U “biznes qanday qilib barqaror, raqobatbardosh va global kompaniyaga aylanadi?” degan savolga ham ilmiy-amaliy javob berishi lozim.
“Sukut — rozilik” formulasi
Prezidentimiz nutqining eng katta ijtimoiy-huquqiy yangiligi, shubhasiz, tadbirkor va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni ishonch, prezumpsiya va sukut saqlashga hamda profilaktika tamoyillari asosida isloh qilishga qaratilgan tashabbuslardir. “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” davlat nazoratining falsafasini va huquqiy mohiyatini o‘zgartirishga qaratilgan. Xalqimizda “Xato qilmoq bordir, tuzatmaslik ordir” degan maqol bor. Tadbirkorlik nuqtayi nazaridan bu maqolning mohiyati shundaki, biznesda xato qilish tabiiy, lekin o‘sha xatoni tan olmaslik va vaqtida tuzatmaslik eng katta zararga olib keladi.
Zamonaviy biznes tilida bu maqolning ma’nosi “Fail fast, learn faster” (“Tez xato qil, undan tezroq saboq ol”) tamoyiliga juda yaqin. Eng kuchli tadbirkorlar xato qilmaydiganlar emas, balki uni tez aniqlab, imkoniyatga aylantiradiganlardir. Shuning uchun inson qadri va manfaati nuqtayi nazardan yondashganda xato qilgan tadbirkorga moliyaviy jarimalarni asossiz va nomutanosib qo‘llash ularning tashabbuskorligini bo‘g‘adi. Tavakkalchilik asosida boshlagan maqsadli ishlariga ishtiyoqini susaytiradi. Shu ma’noda, avval nazorat markazida “qoida buzilganmi?” degan savol turgan bo‘lsa, yangi modelli yondashuvda unga “tadbirkorning huquqi va qonuniy manfaati qay darajada ta’minlandi?” degan haqli savol tug‘iladi. Bunday savolning mantiqiy asosi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 20-moddasida nazarda tutilgan davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llanadigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak. Inson bilan davlat organlarining o‘zaro ¬munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi degan insonparvarlik normasiga tayaniladi. Bu inson qadri oliy qadriyat bo‘lgan ijtimoiy, huquqiy davlatning muhim belgisidir. Taklif qilinayotgan “birinchi xato uchun — ogohlantirish” qoidasi ham jazolovchi emas, preventiv (oldini olishga qaratilgan, ya’ni biror salbiy oqibat yoki huquqbuzarlik yuz berishidan avval uning oldini olish maqsadida ko‘riladigan chora yoki tadbir) huquq mohiyatiga asoslanadi. Tadbirkorga kamchilikni tuzatish imkoniyatini berish qonunbuzarlikni oqlash emas, aksincha, davlatning huquqiy ta’sir chorasini maqsadga muvofiq va mutanosib qo‘llashidir. Biznesga nisbatan har bir tekshiruv iqtisodiy qiymatga ega. Tekshiruv tadbirkorning vaqti, mablag‘i va boshqaruv resursini talab qiladi. Shu bois, davlat nazoratining qonuniyligi bilan bir qatorda zarurligi, mutanosibligi va takrorlanmasligi ham inson qadrining konstitutsiyaviy va fuqarolik huquqiy mezoniga aylanishi kerak.
Kichik biznesga nisbatan ayrim tekshiruvlarga moratoriy qo‘yish, takroriy tekshiruvlarni biznes-ombudsman nazoratiga olish, sudda tadbirkor foydasiga qaror chiqqan ishlarni asossiz ravishda yuqori bosqichlarga olib chiqishni cheklash kabi takliflar shu huquqiy mantiqdan kelib chiqadi.
Ilm-fan, raqamli texnologiyalar va tadbirkorlik
Mamlakatimizdagi ortga qaytmas islohotlar mohiyatidan kelib chiqib, yangi ustuvor xalqaro reytinglar bilan ishlash raqamli taraqqiyotni jadallashtirishda muhim o‘rin tutadi. Xususan, sun’iy intellekt sohasini izchil rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda xalqaro tavsiyalar asosida mamlakatimizning ushbu yo‘nalishdagi pozitsiyasini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada “Oxford Insights” xalqaro tashkilotining Hukumatning sun’iy intellektga tayyorgarlik indeksi yuritila boshlagan (2020 yil)dan buyon ko‘rsatkichlar 33 pog‘ona yaxshilandi va O‘zbekiston MDHda eng yuqori natijaga erishgan mamlakatga aylandi.
Davlatimiz rahbarining nutqidagi yana bir muhim jihat shundaki, sun’iy intellektga berilgan e’tiborni faqat texnologik yangilik sifatida baholash kamlik qiladi. U tadbirkorlik munosabatlarining subyekti emas, balki yangi raqamli huquqiy muhitni shakllantiruvchi ko‘makchiga aylanmoqda.
“Virtual soliq maslahatchisi”, sun’iy intellekt yordamchilari, korxonalar uchun sun’iy intellekt hamkor, superkompyuter imkoniyatlaridan foydalanish, ilmiy tadqiqot xarajatlarini qoplash kabi tashabbuslar tadbirkorlikni raqamlashtirishning amaliy ko‘rinishidir. Ammo raqamli tadbirkorlikning, jumladan, tadbirkor-inson va sun’iy intellekt o‘rtasidagi chegarani aqlli tartibga solish nuqtayi nazaridan milliy qonunchilikni shakllantirish, tizimlashtirish va birxillashtirish bilan bog‘liq masalalar o‘z yechimini topishi lozim.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 53-moddasida har kimning ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qiladi. Bu norma raqamli tadbirkorlik uchun konstitutsiyaviy zamin yaratadi. Uchinchi Uyg‘onishning iqtisodiy chempioni shuning uchun faqat bironta yoki kompleks ishlab chiqarish binosini qurgan emas, balki zamonaviy sharoitda ilmiy g‘oyani raqamli texnologiyaga, texnologiyani raqamli mahsulotga, mahsulotni milliy brendga, brendni global raqobat ustunligiga aylantira oladigan tadbirkordir.
Real va raqamli bozorlarda intellektual mulkni himoya qilmaydigan ishbilarmon milliy brend yarata olmaydi. Eksport bozoridagi qoidalar va texnik reglamentlarni bilmaydigan ishlab chiqaruvchi sifatli mahsulot chiqarsa ham bozorga kira olmasligi mumkin. Shu bois, raqamli tadbirkorlik ta’limining yangi mazmunini belgilash vaqti keldi.
Shuhrat RO‘ZINAZAROV,
Konstitutsiyaviy sudning bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor